“Yangi O‘zbekiston” universiteti faqat “oqsuyaklar” uchunmi?
Intervyu
−
14 avgust 2021
41918Xabaringiz bor, joriy yilning 23 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston” universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan Prezident ta’lim muassasalari agentligi qoshida “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etildi.
Ushbu universitetga ta’mal toshi qo‘yilishi bilanoq, unda o‘qitiladigan fanlar, imtihonni DTM olmasligi va, eng asosiysi, kontrakt narxlari atrofida turli gap-so‘zlar ko‘paydi. Hatto, “Yangi O‘zbekiston”ni tamomlaganlar Buyuk Britaniyaning Cambridge universitetida ham dars berishi mumkinligi haqidagi xabarlarni eshitdik.
QALAMPIR.UZ turli savollarga javob olish uchun “Yangi O‘zbekiston” universitetini tashkil etish departamenti boshlig‘i Samariddin Shamsiyev bilan suhbatlashdi.
“Yangi O‘zbekiston” universitetini tashkil etish departamenti boshlig‘i Samariddin Shamsiyev bilan intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi rasmiy sahifasida tomosha qilishingiz mumkin. Quyida esa suhbatning matnli ko‘rinishi bilan tanishasiz.
Shuhrat Halilov, muxbir: — “Yangi O‘zbekiston” universiteti qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha talabalarga ta’lim beradi?
Samariddin Shamsiyev, “Yangi O‘zbekiston” universitetini tashkil etish departamenti boshlig‘i: — “Yangi O‘zbekiston” universiteti joriy yilning 23 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-5158-sonli qarori bilan Prezident ta’lim muassasalari agentligi qoshida tashkil etildi.
Qarorda universitet uchun katta erkinlik berilgan bo‘lib, mustaqil tashkilot sifatida faoliyat yuritishi mumkin. Bu tizim o‘zini oqlagan taqdirda, O‘zbekistondagi boshqa OTMlarga ham tatbiq qilinishiga yo‘l ochadi. Bugun ko‘pchilik abituriyentlar universitetdagi yo‘nalishlarga qiziqmoqda. 2020-2021 yillar uchun muhandislik fakulteti ochildi. Bu fakultetda uchta yo‘nalish bo‘yicha qabul jarayonlari boshlangan, bular: mexanika muhandisligi, dasturiy ta’minot muhandisligi va kimyo muhandisligi. Nega aynan muhandislik, degan savollar ham bor. Rivojlanayotgan davlatlarda texnologiyalar import qilinadi. Bu trend davom etadi. Rivojlangan mamlakatlar kashfiyot qiladi va u katta qiymat qo‘shilgan holda import qilinadi. Agar o‘sha davlatning o‘zida ilm-fan rivojlanmasa, yangi kashfiyotlar qiladigan muhandislar bo‘lmasa, rivojlanish ham sust darajada bo‘ladi. Ular rivojlanadi, biz esa ularga yetolmaymiz. Biz ularga yarimtayyor mahsulotlarni sotaveramiz, lekin uskunalarni yasay olish imkonimiz yo‘q. Bu davom etsa, biz doim qaram bo‘lib qolamiz. Shu sababli ham muhandislarga nisbatan talab katta. O‘zbekistonning kelajagi uchun ham muhandislar kerak va aynan “Yangi O‘zbekiston” universiteti sanoat inqilobini vujudga keltiradigan mutaxassislarni yetishtirishni maqsad qilgan. “Yangi O‘zbekiston” universiteti Prezident ta’lim muassasalari agentligi qoshida ochildi.
Aynan mana shu kabi tashabbuslar Prezident tomonidan amalga oshirilmoqda. Faxriy rektor Volfang German O‘zbekistonga kelganda ham eng to‘g‘ri shakl tanlanganini alohida urg‘ulagandi.
Sh.H.: — Ma’lumki, O‘zbekistonda barcha OTMlarga kirish imtihonlari va test tuzish jarayonlari DTM bilan hamkorlikda olib boriladi. “Yangi O‘zbekiston” universiteti esa Cambridge universiteti bilan birga ishlashi ma’lum qilindi. Bu DTMga bo‘lgan ishonchsizlikmi yoki..?
S.Sh.: — Yuqorida aytganimdek, universitetga tom ma’noda erkinlik berilgan. Seleksiya ishlarida ham mustaqilmiz. Xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonimiz bor. Prezident maktablaridagi seleksiya ishlari ham aynan shu hamkorlar bilan olib boriladi. “Yangi O‘zbekiston” universiteti ham shu ishlarning uzviy davomi bo‘lgan holda seleksiya jarayonlarini Cambridge bilan amalga oshirmoqda. Cambridge universiteti 140 dan ortiq davlatda ingliz tilida imtihonlar o‘tkazadi. Universitetda ham ta’lim ingliz tilida bo‘lgani sababli, test savollari ingliz tilida tuzilgan. Bugungi kunda dasturiy ta’minot va mexanika muhandisligi yo‘nalishlariga matematika va fizika fanlaridan imtihon bo‘ladi. Kimyo muxandisligi yo‘nalishiga esa kimyo va matematika fanlaridan imtihonlar bo‘lib o‘tadi. Kirish imtihonlarining barchasi ingliz tilida o‘tkaziladi. 8, 9, 10 va 11-sinf maktab darsliklari asosida Cambridge tomonidan tayyorlangan.
Sh.H.: — Imtihon va ta’lim ingliz tilida bo‘lishini aytyapsiz. Bizning o‘quvchilar bunga qanchalik tayyor?
S.Sh.: — Bugunga qadar mingdan ortiq hujjatlar topshirilgan. Quvonarlisi esa talabgorlarning IELTS darajasi 7-7.5.
Sh.H.: — “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etilishi bilan birinchi navbatda uning shartnoma to‘lovi haqidagi gap-so‘zlar tarqay boshladi. Dastlab norasmiy ma’lumot sifatida “Universitetda tahsil olish 237 milliondan ziyod bo‘lar ekan” qabilida mish-mishlar tarqadi. Keyinchalik, universitet tomonidan matbuot anjumani tashkil etilib, universitetning yillik shartnoma to‘lovi 50 million so‘mni tashkil etishi ma’lum qilindi. 50 million so‘m O‘zbekiston sharoiti uchun ko‘p emasmi?
S.Sh.: — Universitet hali bu boradi rasmiy raqamlarni e’lon qilgani yo‘q. Darhaqiqat, ijtimoiy tarmoqlarda turli xil gap-so‘zlar tarqadi. Shu bois universitet tomonidan OAV uchun matbuot anjumani tashkil etildi va yuqorida aytganimdek, shartnomaning to‘lov miqdori hali tasdiqdan o‘tmagani rasman e’lon qilindi.
Sh.H.: — Aytaylik, shartnoma to‘lovi yiliga 5 ming AQSH dollari etib ham belgilandi. Bu o‘ziga xos tabaqalanishga olib kelmaydimi? Ya’ni, o‘rtahol oila farzandlari uchun bu universitet orzuligacha qoladimi? Vaholonki, oddiy oilalar ichida ham iqtidorli, ilm darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan yigit-qizlarimiz talaygina.
S.Sh.: — 2021/22 o‘quv yilida siz aytgan ijtimoiy ahvoli o‘rta bo‘lgan iqtidorli yigit-qizlarimiz uchun grantlar taqdim etish taklifini kiritganmiz. Aslini olganda, ijtimoiy lift har bir davlatda bir maromda olib borilishi kerak va siz aytganingizdek, o‘rtahol oila farzandlari ham sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishlari lozim. Misol uchun, Prezident maktablari ham shu yo‘nalishda faoliyat olib boradi.
Sh.H.: — Ta’lim sohasi bo‘yicha xalqaro olimpiada sovrindorlari bo‘lgan yoshlar uchun alohida kvotalar ajratilganmi?
S.Sh.:— Prezidentimiz qarorlari bilan, ta’lim sohasidagi xalqaro olimpiada sovrindorlari, yuz foizlik grant asosida universitetimizda tahsil olish imkoniyatini qo‘lga kiritishadi. Oldimizga qo‘ygan maqsadimiz – innovatsion oliygohga aylanish. Bunda esa bizga xorijiy hamkorlarimiz bo‘lgan Massachusets texnologiya universiteti, Myunxen texnika universitetlari ko‘maklashishadi. Zero, ular xalqaro miqiyosdagi innovatsion kashfiyotlar markazi hisoblanadi. Ularning ta’kidlashicha, innovatsiyaning eng to‘g‘ri formulasi – bu hilma-xillik.
Bizning faxriy rektorimiz bo‘lgan janob Volfang Germann O‘zbekistonga qilgan tashrifida “Bu universitet iste’dodlarni izlab topuvchi maskan bo‘lishi kerak”, deb ta’kidladi. Ya’ni, biz neft, gaz, oltin, rangli metallar orasidagi eng nodirlarini tanlab olishimiz kerak. Seleksiya ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan bo‘lishi lozim. Agar biz ana shunday nodir iste’dodlarni to‘g‘ri tanlay bilsak, kelajakda ular nafaqat yurtimiz, balki butun insoniyatga nafi tegadigan mutaxassis bo‘lib yetishishlari mumkin.
Sh.X.: — Universitet talabalari xorijiy davlatlarda amaliyot o‘tashi ma’lum qilindi. Bu qaysi mamlakatlar va jarayon kimning hisobidan amalga oshiriladi?
S.Sh .: — Xorijiy hamkorlarimiz bilan bu borada muzokaralar olib bormoqdamiz. Yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsak, AQSH va Germaniyada. Sababi asosiy hamkorlarimiz aynan ular. Bugungi kunda Germaniyada 150 dan ortiq korxonalarning ro‘yxati shakllantirildi. Ular bilan asta-sekin tashqi aloqalarni yo‘lga qo‘ya boshladik: universitetimiz siymosini tanitish, yoki “roadshow” uslubini qo‘llash, universitetimiz va talabalarmiz xaqida imkon qadar ko‘proq ma’lumot yetkazish. Hozirda 4 ta korxona bilan muzokaralarni boshlab yuborganmiz.
Amaliyot qaysi mablag‘lardan amalga oshirilishiga to‘xtaladigan bo‘lsak, biror xorijiy tashkilot yurtimizda o‘z filialini ochadigan bo‘lsa, ularda yaxshi rahbar va yaxshi ish boshqaruvchi kadrlarga ehtiyoj tug‘iladi. Universitet esa bu borada ularga tegishli tavsiyalarni beradi va xorijlik hamkorlar mazkur xarajatlarni qoplab berishadi. Albatta, eng faol talabalar xorijda amaliyot o‘tash baxtiga muyassar bo‘lishadi hamda mahalliy korxonalar uchun yurtimizdagi kerakli kadrlarga aylanishadi.
Sh.H.: — “Yangi O‘zbekiston” universiteti xorijlik talabalarni ham qabul qilishi mumkin, degan e’lon tarqaldi. Universitet bunga qanchalik tayyor? Biz xorijlik talabalarga kerakli bilimlarni bera olamizmi?
S.Sh.: — Hozirga qadar 50 dan ortiq mahalliy va xalqaro professorlardan arizalar kelib tushmoqda. Hozirda birinchi va ikkinchi skrining jarayonlari ketmoqda. Ularni saralab, olib kelyapmiz. Odatda, har bir professorning o‘z maktabi bo‘ladi. Albatta, o‘sha professorni olib kelganimizdan keyin, ko‘p xorijlik talabalarda qiziqish, “Mana bu universitetda mana bu professor dars berarkan. O‘sha yerga borib aynan shu modulni o‘qiyman”, degan maqsad paydo bo‘ladi. Bizda sharoitlar chet ellik talabalar uchun ham bir xil bo‘ladi. Chet elda qanday ta’lim dasturlari mavjud bo‘lsa, bizda ham shu talablarga javob beruvchi dasturlar bor. Bunga qator xorijdagi universitetlar yordam bermoqda. Shuningdek, chet ellik professorlar bu yerga kelib, dars berishadi.
Sh.H.: — Tushinishim bo‘yicha universitetda faqat xorijlik pedagoglar dars beradi. Mahalliy mutaxassislarni uchratmayapmiz. Bu nimadan dalolat? O‘zimiznikilarga bo‘lgan ishonchsizlikdanmi yoki ularning bilim darajasi universitetning talabiga javob bermaydimi?
S.Sh.: — Yo‘q, unday emas! Bugungi kunda biz to‘rt nafar vatandoshimizni ham tanlab olganmiz. Ular xorijda faoliyat yuritayotgan va O‘zbekistonga qaytib, aynan mana shu universitetga qiziqish bildirgan vatandoshlarimizdir. Ular ham hamkor universitetlarimiz qoidalari bo‘yicha suhbatdan, uch bosqichli skriningdan muvaffaqiyatli o‘tishdi va shundan keyin biz ularni taklif qildik. OAV ishtirokidagi matbuot anjumanida ham qatnashishdi. Masalan, Koreyadagi olimimiz Elyorjon Jumayev o‘z qiziqishlarini va takliflarini bildirib o‘tdi. Ayni damda u universitetda o‘z faoliyatini boshlash arafasida.
Sh.H.: — Bu universitetda korrupsion holatlarga yo‘l qo‘yilmasa kerak. Chunki siz xorijiy tajriba haqida gapiryapsiz. Bu borada nazorat qanday olib boriladi?
S.Sh.: — Bu masalaga bizning yondashuvimiz qanday, deydigan bo‘lsangiz, “zero tolerence”, ya’ni bu kabi holatlarga toqat qilinmaydi. Aniqlangan zahoti, qattiq choralar ko‘riladi. Chunki biz ichki korporativ muhitimizni ham xalqaro standartlar va hamkor universitetlar yordami asosida tashkil etyapmiz. Universitetning ichida qanday organ bo‘lishi kerak va u qaysi vazifalarni o‘z ichiga olishi kerak? Shu kabi masalalarda bizga katta yordam berishmoqda. Shuningdek, inson omili maksimal darajada yo‘qotilgan. O‘quv jarayonlari shaffof. Ular hozirgi kunda onlayn tarzda amalga oshirilmoqda. Shu sababdan ham bu kabi holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sh.H.: — O‘zbekistondagi OTMlarda forma va mutaxassislikka oid bo‘lmagan fanlar masalasi mavjud. Ko‘pchilik talabalar ortiqcha fanlarni olib tashlash tarafdori bo‘lishadi. Bu jarayon “Yangi O‘zbekiston”da qanday bo‘ladi?
S.Sh.: — “Yangi O‘zbekiston” universitetida asosan o‘sha soha uchun kerak bo‘lgan fanlar o‘qitiladi. Ushbu akademik dastur hamkorlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan. Shuningdek, Germaniyaning Myunxen universitetida qanday fanlar o‘tiladigan bo‘lsa, aynan o‘sha fanlar O‘zbekiston uchun ham moslashtirib berilgan.
Bundan tashqari, bu universitetda hamma bir xil formada bo‘lishi kerak, degan talab mavjud emas. Sababi biz talabalarning erkinligini bo‘g‘ib qo‘yishimiz mumkin. Biz innovatsion muhit va kashfiyotlar haqida gapiryapmiz. Bu esa o‘zini erkin his qilgan talabalar bilan bog‘liq. Qator xorijiy universitetlarda ham talabalar formasi bo‘yicha qat’iy talab mavjud emas. Faqatgina qaysidir jihatdan etika va kiyinish madaniyati bor. Talabalar o‘sha normalarni va etikani buzmasa, ularning erkinligi bo‘g‘ilmaydi.
Sh.H.: — Ma’lumki, qabul jarayonlari boshlangan. Lekin, universitet binosi hali bitgani yo‘q. Talabalarni boshqa universitet binosida o‘qishi ularning bilimiga ta’sir qilmaydimi?
S.Sh.: — Ta’sir qilmaydi. Hozirda bizga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining binosi ajratilgan. Ayni damda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda va cyentyabrga qadar yotoqxonalarigacha tayyor bo‘ladi. Bu taraflama muammomiz yo‘q. Agarda o‘zimiz uchun ajratilgan hudud haqida so‘raydigan bo‘lsangiz, bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Dunyoning qator universitetlari o‘quv binosi ham aynan mana shu tarzda bosqichma-bosqich quriladi. Sababi, universitetga kelayotgan har bir professorning laboratoriya xonalarini jihozlash bo‘yicha o‘z talablari bor.
Sh.H.: — Sentyabrdan o‘qishni boshlaydiganlar uchun jihozlar tayyormi?
S.Sh.: — Albatta! Hamkorlarimiz bizga uch oy oldin ro‘yxatlarni berishgan. Masalan, kimyo yoki fizika laboratoriyasi bo‘yicha zarur jihozlar ro‘yxati mavjud. Buning ustida jamoamiz ishlamoqda. O‘quv yiliga barchasi tayyor bo‘lishi uchun hozirlik ko‘rilmoqda. Bu borada biz muammo ko‘rmayapmiz.
Sh.H.: — O‘zbekistonda universitet talabalari uchun yotoqxona muammosi bugun ham mavjud. “Yangi O‘zbekiston” universiteti bu borada qanday yechim taklif qilyapti?
S.Sh.: — Bizning o‘quv binomizda yotoqxonlar bo‘ladi. Ayni damda uni loyihalashtirish ishlari olib borilmoqda. Universitetimizga nafaqat o‘zbekistonlik talabalar, balki xorijlik talabalarning kelishi ham kutilmoqda. Yuqorida aytganimdek, sharoitlar oliy darajada bo‘lmasa, biz raqobatbardosh universitet bo‘la olmaymiz. Shuning uchun yotoqxona universitet binosining ichida bo‘ladi. Bu yil esa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti binosidan kerakli miqdorda yotoqxona ajratilgan. Hozirgi kunda ular ta’mirdan chiqarilib, o‘quv yiliga tayyorlanmoqda.
Sh.H.: — Sanoat sohasida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aytaylik, Andijonda “UzAuto” yoki Samarqandda “SamKochavto” zavodlari mavjud. U yerda asosiy mutaxassislar xorijdan kelgan. Kelajakda "Yangi O‘zbekiston" universitetini bitirgan talabalar o‘sha mutaxassislarning o‘rnini egallay oladimi?
S.Sh.: — Albatta, bizning maqsadimiz ham shu! Xabaringiz bor, yurtimizda juda katta zavodlar, gigant korxonalar, sanoat-ishlab chiqarish ob’ektlari qurilmoqda. Uning ichida juda murakkab uskunalar joylashgan. Hozirgi kunda biz ushbu uskunalarni sotib olyapmiz. Ba’zida sotib olgan paytimizda o‘sha uskuna ishlamay qolsa, mutaxassislar chet eldan jalb qilinadi. Ko‘p hollarda Rossiyadan, AQSHdan, Germaniyadan va Qozog‘istondan juda katta mablag‘lar evaziga mutaxassislar olib kelinadi. Bu esa juda katta xarajat degani. Agar bizning bitiruvchilarimiz shu ishlarni qila olsa, xarajatlar qisqaradi. Bizning maqsadimiz ham shuki, chet ellik mutaxassislarga ehtiyoj qolmasin.
Eslatib o‘tamiz, "Yangi O‘zbekiston" universitetiga qabul joriy yilning 15 avgustigacha davom etadi.
“Yangi O‘zbekiston” universitetini tashkil etish departamenti boshlig‘i Samariddin Shamsiyev bilan intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi rasmiy sahifasida tomosha qilishingiz mumkin. Quyida esa suhbatning matnli ko‘rinishi bilan tanishasiz.
LiveBarchasi