Jurnalistlar daxlsizligini ta’minlash Qo‘mita oldidagi birinchi masala — senator

Jamiyat

Bugun OAV xodimlari va blogerlar bormagan joy, yoritmagan mavzu yo‘q. Inson huquqlarining poymol etilishi, mulk huquqiga tajovuz, majburiy mehnat, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik, lavozimni suis’temol qilish, davlat mulki va budjetini talon-taroj qilish, korrupsiya kabi masalar jurnalistlar nazaridan chetda qolmayapti. Dolzarb masalalarni qo‘rqmay yoritayotgan jurnalistlarga esa qo‘ng‘iroqlar bo‘layotgani, yozilgan tanqidlar, olingan videolarni o‘chirtirishni so‘rab tahdid qilish holatlari ham yo‘q emas. Bugun jurnalistlar tuhmat bilan oson javobgarlikka tortish davrida yashamoqda. Xo‘sh, bugun ma’lum darajada xavf ostida qolayotgan jurnalistlar daxlsizligi qanchalik ta’minlangan?

Ushbu savolga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev 14 iyul kuni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan "Milliy jurnalistika: yutuq va muammolar tahlili" mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida javob berdi.

"Jurnalistlarga bo‘layotgan bosimlar haqida to‘g‘ri fikrlar bildirildi. Haqiqatan ko‘p kuzatyapmizki, bugungi kun jurnalistlari hech bir advokatdan yoki deputatdan kam ish qilayotgani yo‘q", deydi Boqiyev.

Farhod Boqiyevning qayd etishicha, ayni paytda jurnalistlar daxlsizligi bilan bog‘liq muammolar muhokamasi sababli tegishli qonunlarni o‘rganish va o‘zgartirish kiritish ishlari boshlangan.

“Jurnalistlarning faoliyati va daxlsizligi bilan bog‘liq masala 9 iyul kuni ham ko‘tarilgan edi. Keyin ekspertlar guruhi va qo‘mita a’zolari bilan ijtimoiy tarmoqlarda ham aynan daxlsizlik masalasi muhokamasi bo‘lib o‘tdi. 
Daxlsizlik masalasi QALAMPIR.UZ sayti rahbari Qamariddin Shayxov tomonidan ko‘tarilgandi. U kishi ham qo‘mitamizda ekspertlar guruhining a’zosi hisoblanadi. Ayni vaqtda biz “Jurnalistik faoliyat to‘g‘risida”gi qonun bo‘yicha monitoring o‘tkazishni boshladik. Tahlillar tugallangach, ushbu qonun tegishli tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Xabaringiz bor, Oliy Majlis Senatida qonunchilik tashabbuskorligi yo‘q, ammo monitoring qilish, mazkur qonunlarning qayerlarida muammolar borligini o‘rganish vakolati bor", deydi Farhod Boqiyev.

Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosarining aytishicha, jurnalist faoliyatiga doir “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganiga sal kam 22 yildan oshgani. U hayot o‘zgarishlardan, taraqqiyotdan iborat bo‘lgani kabi qonunlar, me’yoriy hujjatlar ham zamon talabiga mos kelishi zarurligini urg‘uladi.

Shu bilan birga anjumanda davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari yuzasidan ham bir nechta chora tadbirlar ko‘rib chiqilayotgani aytildi. Bular haqida Boqiyev ma’lumot berdi:

"Ochiqlik masalasida yana bitta qonun bor. Bu “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida"gi qonundir. Ushbu qonunning ham monitoringini amalga oshirish ishlari boshlandi.

Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning 16 iyul kuni qabul qilgan farmonida ham nazarda tutilgan. 2022 yilda mazkur farmonini yangi tahrirda qabul qilish masalasi ko‘rilgan. Buning uchun biz qonunni qaytadan ko‘rib, qayerida muammosi bor, qonunning ayrim moddalari hayotda ishlamayapti, degan mazmunda monitoring o‘tkazishimiz kerak. Shuning uchun qo‘mitaning asosiy ish rejasiga ushbu masalalar kiritilgan".

Eslatib o‘tamiz, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov ham yuqoridagi masala yuzasidan faol fikr bildirib, bugungi kunning bir muhim masalasi — bu jurnalistning daxsizlik huquqi ekanini ta’kidlagan.

 

Maqola muallifi

Teglar

Jurnalist jurnalistdaxlsizligi Oliy Majlisi Senati

Baholaganlar

12

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing