G7 sammiti boshlanmoqda. Buyuk davlatlarni birlashtirgan “Katta yettilik” qanday klub?

Olam

image

Bugun, 11 iyun kuni Angliyaning Kornoull grafligidagi Karbiy-Bey shahrida “Katta yettilik” (G7) davlatlari rahbarlarining sammiti boshlanadi. Bu G7 davlatlari rahbarlarining pandemiya boshlangandan beri ilk yuzma-yuz uchrashuvi.

Uch kunlik uchrashuvda davlat rahbarlari iqtisodiyotni tiklash, geosiyosiy muammolar, savdo va taraqqiyot vazifalarini muhokama qiladilar. Bundan tashqari, uchrashuvlarning aksariyati yopiq eshiklar ortida o‘tkaziladi.

“Yettilik” davlatlari (Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, AQSH, Fransiya va Yaponiya)dan tashqari sammitda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen hamda Avstraliya, Hindiston, Janubiy Koreya, Janubiy Afrika Respublikasi rahbarlari va Jahon savdo tashkilotining yangi bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala ishtirok etadi.

Sammit AQSH Prezidenti Jo Baydenning birinchi xorijiy safariga to‘g‘ri kelgani va bu uning Oq uy rahbari sifatidagi birinchi yirik xalqaro tadbiri ekani bilan ham ahamiyatli. Bayden Yevropaga jo‘nab ketishidan oldin jurnalistlarga G7 va NATO sammitlarida ishtirok etishi Rossiya hamda Xitoyga G‘arbning birligi haqida signal berishini ta’kidladi.

Sammit davomida muhokama qilinadigan asosiy mavzu 2014 yil mart oyida Qrimni o‘z tarkibiga qo‘shib olgach, “Katta sakkizlik” (G 8) tarkibidan chiqarilgan Rossiya bo‘ladi. DPA agentligi Berlindagi hukumat doiralaridagi manbalariga asoslanib, G7 sammitida yetakchilar  Rossiya hukumati tomonidan dunyo tartibi normalarining buzilishini muhokama qilishini ma’lum qildi

Bayden o‘zining ilk xorijiy safaridan nimalar ko‘zlayotgani haqida ma’lumot berib, Rossiya va Xitoyga Yevropa bilan munosbatlari juda yaxshi ekanini ko‘rsatish hamda o‘zaro ittifoqni mustahmkalash niyatidaligini ta’kidladi.

“Maqsad [Rossiya Prezidenti Vladimir] Putin va Xitoyga Yevropa hamda Qo‘shma Shtatlar juda yaqin ekanligini aniq tushuntiring va “Yettilik” guruhi harakat qilishdan to‘xtamasligini ko‘rsatish”, degan Bayden.

Baydenning Rossiya yetakchisi Vladimir Putin (16 iyun) va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an (14 iyun) bilan uchrashuvi AQSH rahbarining Yevropa bo‘ylab turnesining asosiy nuqtasi bo‘ladi.

G7 sammiti kun tartibiga, shuningdek, Xitoy, Eron muammolari, iqtisodiyotni tiklash, koronavirus pandemiyasi va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va mamlakatlarga vaksinalar yetkazib berish kiradi. Sammit 13 iyunga qadar davom etadi.

“Katta yettilik” – G7 qanday tuzilma

“Katta yettilik” Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya, Yaponiya va AQSHni birlashtiruvchi norasmiy xalqaro klub.

Ushbu davlatlar rahbarlarining norasmiy forumi ham (Yevropa Komissiyasi ishtirokida) shu nomga ega bo‘lib, sammit doirasida dolzarb xalqaro muammolarga yondashuvlar kelishib olinadi. Yozilmagan qoida bo‘yicha guruh sammitlari an’anaviy tarzda har yili har bir a’zo davlatda navbat bilan o‘tkaziladi.

G7 xalqaro tashkilot emas, u xalqaro shartnomaga asoslanmagan, uning nizomi va kotibiyati yo‘q. G7 qarorlari majburiy emas. G7 ustaviga ega bo‘lmaganligi sababli, ushbu muassasa a’zosi maqomini rasman qabul qilish mumkin emas.

Iqtisodiy jihatdan rivojlangan davlatlar rahbarlarining uchrashuvlarini o‘tkazish g‘oyasi 1970-yillarning boshida paydo bo‘lgan. Bunga iqtisodiy inqiroz hamda AQSH, G‘arbiy Yevropa va Yaponiyaning iqtisodiy va moliyaviy masalalarda o‘zaro kelisha olmay qolgani sabab bo‘lgan.

Birinchi sammit Fransiyaning o‘sha vaqtdagi Prezidenti Valeri Jiskar d’Esten tashabbusi bilan 1975 yil 15-17 noyabr kunlari Rambuye saroyida o‘tkazilgan. Unda Fransiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya va Yaponiya davlat rahbarlari va bosh vazirlari to‘plangan.

1976 yilda "oltilik" Kanada qo‘shilgach, "yettilik"ka aylangan. 1991 – 2002 yillarda bosqichma bosqich Rossiya ishtirokida "sakkizlik"ka aylangan.  2014 yilda esa Rossiya Ukrainaga tegishli bo‘lgan Qrimni o‘z tarkibiga qo‘shib olgach, "Katta sakkizlik"dan chiqarib yuborildi.


Maqola muallifi

Teglar

Katta ettilik

Baholaganlar

133

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing