Kitobdagi xaroba Mehribonlik uyida prokuratura o‘rganish o‘tkazadi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Avvalroq, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi 5-Mehribonlik uyida bolalar juda yomon sharoitda yashayotgani haqida xabar bergan edik. Unda bolalar uyida mebellar va idish tovoqlar eskirib ketgani, ovqat uchun ishlatiladigan mahsulotlar ham irib ketgani aytilgandi.

Mehribonlik uyidagi holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, 5-Mehribonlik uyidagi vaziyat yuzasidan viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, xalq ta’limi, moliya, IIB, SEO va JSX, bandlik bosh boshqarmalari mas’ullaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, muassasada yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganilyapti.

Aniqlanishicha, Xalq ta’limi vazirining o‘tgan yil 14 fevraldagi 01-06/2-131-sonli xatida mexribonlik uylarida ota-onasi bor kam ta’minlangan oila farzandlarini joylashtirish ortib ketganligi sababli ijtimoiy ahvoli yaxshilangan oila farzandlarini qaytarish orqali Kitob tumanidagi 5-sonli Mexribonlik uyi faoliyatini tugatib, tarbiyalanuvchilarni Qamashi tumanidagi 4-sonli Mexribonlik uyiga o‘tkazish va 4-sonli Mexribonlik uyini Qamashi Bolalar shaharchasiga aylantirish taklifi bildirilgan.

Mehribonlik uyi faoliyatini tugatish bilan bog‘liq boshlangan ishlar, o‘tgan yil 24 martdan Respublika hududida Koronavirus infeksiyasiga qarshi kuchaytirilgan karantin tartibi joriy etilgani munosabati bilan oxiriga yetkazilmagan.

Shuningdek, muassasada 65 nafar tarbiyalanuvchilar bo‘lsada, 75 nafar xodimlar faoliyat ko‘rsatib kelayotgani, shundan 10 nafar tarbiyachi vazifasiga nomutaxassisligi, tarbiyalanuvchilarning 15 nafari yetim bola (otasi ham, onasi ham vafot etgan yoki ular sud qaroriga binoan vafot etgan) hisoblanishi, 50 nafarining ota-onasi yoki ulardan biri hayot ekanligi aniqlangan.

Muassasa binolari ta’mirtalab holatga kelib qolgani, jihozlar va inventarlar eskirgani, oziq-ovqat omborxonasi sanitariya talablariga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.

“Hozirda Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilar uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga ahamiyat berilmoqda. O‘rganishda bola tarbiyasidan ko‘ra, o‘z moddiy manfaatini ustun qo‘yayotgan ayrim ishchi-xizmatchilar va ota-onalar tomonidan e’tiroz bildirish holatlari ham kuzatildi. O‘rganish ishlari davom etmoqda”, deyiladi prokuratura xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) Aliya Yunusova Kitob tumanidagi 5-Mehribonlik uyida bo‘lib, muassasada tibbiyot, stomotologiya, bemorlarni alohidalash xonalarining tagi beton qoplamali  ekani, bolalarning bo‘sh vaqtini o‘tkazish uchun muassasada yetarli sharoitlar mavjud emasligi, mebellar eskirgani, sog‘lom ovqatlantirishdagi kamchiliklari, ovqatlanish me’yorlariga amal qilinmagani, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilmagani kabi kamchiliklarni aniqlagandi.

Shundan so‘ng, o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan Mehribonlik uyi direktori va ombor mudiri O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining tegishli bandlariga asosan o‘z lavozimlaridan ozod etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

56

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing