Insonning sha’ni MIBdagilarga o‘yinchoqmi yoxud parkentlik ota faryodiga kim quloq tutadi?
Tahlil
−
13 aprel 2021
18216Joriy yilning 26 mart kuni QALAMPIR.UZ bosh muharriri Sunnatilla Abdullayevga Telegram ijtimoiy tarmog‘idan MIB Matbuot xizmati tomonidan “Parkentda 11 oy davomida yashirib kelingan bolalar onasiga qaytarildi” sarlavhasi ostida xabar yetib keladi. Ushbu xabar QALAMPIR.UZ’da e’lon qilinganidan so‘ng, Parkent shahri Istiqbol MFY, Barkamol avlod ko‘chasida yashovchi Abdulaziz Shermatov (bolalarning otasi) e’lon qilingan ma’lumot yolg‘on ekanini aytib, tahririyatga shikoyat qildi. QALAMPIR.UZ ijodiy jamoasi voqeani o‘rganish maqsadida Parkentda bo‘ldi.
“2019 yil sentyabr oyida oilaviy mojarolar tufayli, turmush o‘rtog‘im uyiga qizimni olib ketib qoldi. 2020 yilning may oyida ajrashmasdan turib, aliment to‘lashim yuzasidan tegishli tashkilotlarga murojaat qilgan. 2020 yil may oyida voyaga yetmaganlar bilan shug‘ullanuvchi komissiya a’zolari [uyimizga] kelib, dalolatnoma tuzishdi, farzandlarim onasi bilan yashashi, haftaning shanba va yakshanba kunlari bolalar bilan ko‘rishishim mumkinligi haqida aytishdi.Qonun-qoidalarga bo‘ysungan holda shanba va yakshanba kunlari farzandlarimni ko‘rishga borardim.
Pandemiya sababli farzandlarim sog‘lig‘ini o‘ylab, ularni uyimga olib kelmadim. Karantin choralari biroz yumshatilganidan so‘ng, farzandlarimni olib kelishimni aytganimda, borishimni bila turib, bolalarimni uyimizdan uzoqdagi dalasiga olib ketdi. Ularni sog‘inganim uchun, oldilariga yetib bordim. O‘shanda bolalarimning ahvoli yaxshimas edi. Farzandlarim ularni olib ketishimni, onasi urayotgani aytishdi. Ustiga-ustak ular shamollab ham qolgandi. Kiyimlari kir, ko‘rinishi ham yaxshi emasdi.
2020 yil iyun oyida ularni olib uyga ketdim. Bobur va Zarnigorni olib ketayotganimda hech kim qarshilik qilmadi. Shu vaqtgacha bolalarim men bilan birga edi.
Oradan ancha vaqt o‘tsa ham, turmush o‘rtog‘im bolalarni ko‘rgani kelmadi. 2020 yil dekabr oyida MIB xodimlari bilan birga kelishdi. O‘sha kuni Xalq ta’limi boshqarmasi, Parkent tuman Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan yo‘naltirilgan psixolog ham keldi. Farzandlarim bilan alohida suhbatlashdi. MIB xodimlari va psixolog ham bolalarning psixologik holatiga guvoh bo‘lishdi. Psixolog xulosasiga ko‘ra, farzandlarimni qoldirib ketishdi.
MIB xodimi yig‘ilgan ma’lumotlarni sudga taqdim etgan va shu asosda, 2021 yil 21 yanvar kuni Parkent tuman fuqarolik sudida men va turmush o‘rtog‘imni ishtirokisiz sirtdan qaror chiqarilgan.
MIB xodimi Iroda Abduraimova va boshqa tashkilot vakillari uyimizga kelishganida, onam va farzandlarim yo‘q edi. Ular bolalar qayerda ekanini so‘rashganda, javob bermadim. Bolalarning ruhiyati yaxshi emasligi, bu haqda psixolog ham xulosa berganini aytishimga qaramasdan, menga ishonmay, uyga kirishdi videoga olishdi. Bundan tashqari, MIB va IIB xodimlari ish faoliyatiga halal beryapti, farzandlarini yashiryapti, deb dalolatnoma tuzishdi.
26 mart kuni qizim Zarnigor boradigan maktabgacha ta’lim muassasasidan tarbiyachi qo‘ng‘iroq qildi. Tez yetib kelishim, qizimni olib ketishmoqchiligini aytdi.
O‘sha kuni bog‘chaga MIB, IIB va boshqa tashkilot vakillari kelib, qizimni olib ketmoqchi bo‘lishibdi. Qizim onasi
bilan ketishni istamasa ham uni MIB binosiga olib borishgan. Menga o‘g‘lim Boburni olib, MIBga borishim kerakligini aytishdi. Boburni uydan olib, dadam bilan birga aytilgan joyga bordik.U yerda bolalarim, MIB, IIB xodimlari, shuningdek mahalla faollari ham bor edi. Biz bilan oilaviy yarashish haqida yuzaki suhbat bo‘lib o‘tdi. Men turmush o‘rtog‘im bilan yarashish niyatim borligini aytsam ham u ko‘nmadi.
Bolalarim onasi bilan qolishni istamasligini aytsa ham, ularga hech kim quloq solmadi. Mahalla noziri Bobur va Zarnigorni onasi oldida qoldirib, meni boshqa xonaga gaplashib olish bahonasida olib chiqdi. Shu vaqt oralig‘ida bolalar bilan onasini hisobot uchun suratga olib, boshqa eshikdan chiqarib yuborishdi.
Men bir narsani tushundimki, MIBda ko‘pchilikni yig‘ib suhbatlashishdan maqsad, oilani tiklash emas, balki bolalarni onasiga o‘zboshimchalik bilan olib berish bo‘lgan.
Men farzandlarimni 11 oy davomida yashirib qo‘ymaganman. Yolg‘on-yashiq gaplar bilan 11 oy berkitilgan, deb xabar tarqatishibdi.
Xulosa sifatida bir gapni aytmoqchiman. Men oilamdagi, turmush o‘rtog‘im bilan bo‘lgan muammoni hammaga bildirish niyatim yo‘q. O‘rtamizda bo‘lgan voqea noto‘g‘ri talqin qilingan. QALAMPIR.UZ’ga yolg‘on ma’lumot berilgani uchun sizlarga murojaat qildim”, deydi murojaatchi Abdulaziz Shermatov.
Odatda OAV orqali e’lon qilinadigan barcha xabarlar vazirlik va idoralar Matbuot xizmatlari yoki aniq manbalardan olinadi. E’lon qilinadigan har bir xabarga bevosita OAV va manba ham javobgarligi qonunda belgilangan. Abdulaziz Shermatovning e’tirozlarini tinglab, MIB tomonidan oila bilan tushuntirish ishlari olib borilgani, qolaversa, QALAMPIR.UZ’ga taqdim etilgan xabar va unga ilova qilingan surat ham aynan Toshkent viloyati MIB Parkent tuman bo‘limida olinganini bilish qiyin emas.
Murojaatchi va uning oila a’zolari bilan yarashuv majlisi o‘tkazilgani yolg‘on emasdir, lekin nima uchun MIB tarqatgan xabarda bolalar yashirilgan va uzoq qarindoshining uyidan olib kelingan? Bunga oydinlik kiritish maqsadida MIB Parkent tuman bo‘limiga bordik.
Bizga ijrochi Iroda Abduraimova ish yuzasidan biriktirilgan hududda ekani, hozir hech qanday javob berolmasligi ma’lum qilindi. Shunga qaramay, u bilan telefon orqali bog‘lanish maqsadida bir necha marotaba qo‘ng‘iroq qildik, lekin javob bo‘lmadi.
MIB binosiga biz bilan birga borgan, voqeaga bevosita guvoh bo‘lib, shu kungacha oiladagi nizolarda qatnashgan “Istiqbol” MFY Oila, xotin-qizlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha rais o‘rinbosari Gulnora Mirzaxo‘jayeva MIB binosida bo‘lgan tushuntirish ishlari haqida aytib berdi.
“Bir soatdan oshiq vaqt davomida oilani yarashtirishga harakat qildik. Ikkala farzand ham yig‘lab o‘tirishdi. Boladan so‘rash mumkin emas, deyilishiga qaramay, “onang bilan ketasanmi”, deb so‘ralganda, “yo‘q, ketmayman, oyim meni qamab qo‘yadilar”, deb javob berdi. Onasi bolani erkalagan vaqtda ham bola yig‘ladi. Shu payt mahalla noziri bilan otani olib boshqa xonaga chiqib ketdik. Qaytib kelganimizda, ona va bolalar xonada yo‘q edi.
Sudda farzandlar onaga berilishi kerak, degan qaror chiqqan. Menimcha, shu sababli bolalarni onasi bilan ketishiga ruxsat berishdi”, deydi “Istiqbol” MFY Oila, xotin-qizlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha rais o‘rinbosari Gulnora Mirzaxo‘jayeva.
Oila bilan MIB binosida o‘tkazilgan suhbatda qatnashgan, voqeaga guvoh bo‘lgan “Istiqbol” MFY Profilaktika inspektori Eldor Mansurov bolalar yashirilmagani, Boburni shaxsan otasi MIB binosiga olib kelganini aytdi:
“Abdulaziz Shermatovning qizini bog‘chadan olib keldik. MIBdagilar o‘g‘lini ham olib kelish kerakligini aytishdi. Boburni otasi uyidan olib, MIBga yetib keldi. Suhbatda ota-ona ijro xodimlari, imom-xatib ishtirok etishdi. Bir soat oilani yarashtirishga harakat qildik. Ayolning yarashishga xohishi bo‘lmadi. Abdulaziz esa, “farzandlarimni bermayman”, deb janjal boshlaganida, men uni alohida suhbatlashish uchun boshqa xonadan olib chiqdim. Qaytib kirganimizda esa, ona ham, bolalar ham xonada yo‘q edi”.
MIB tomonidan berilgan ma’lumotda “Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasi qidiruv xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida qidiruvga berilgan bolalar Yuqorichirchiq tumanidagi qarzdorning uzoq qarindoshi uyidan topilgan va davlat ijrochisiga topshirilgan”, deb yozilgan. Bunga munosabat bildirarkan, profilaktika inspektori Eldor Munsurov shunday deydi:
“Unisi endi muammo. Qizini bog‘chadan olib keldik, o‘g‘lini otani o‘zi olib kelgan-ku”.
Yuqorida aytilganidek bolalarning ruhiy holati haqida Parkent tumani Xalq ta’limi bo‘limi psixologi Iroda Sultonova xulosa bergan, biroq sud buni inobatga olmagan. Parkentga borib, psixolog bilan bog‘lana olmaganimiz sababli, bir necha kun o‘tib, bolalarning ruhiy holatida 11 oydan buyon yashirilganlik alomatlari bor-yo‘qligini bilish uchun Iroda Sultonovaga qo‘ng‘iroq qildik.
“Bolalar 11 oy berkitilgan, degan gap qayerdan chiqqaniga hayronman. Ularning 11 oy berkitib kelingan holatini ko‘rmadim, hatto uch kun uydan chiqmagan bolaning alomatlari ham yo‘q edi.
Bolalarning holatidan kelib chiqib, ular onasi bilan vaqtincha yashamasligi kerak, degan xulosani bergandim. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, ular 100 foiz otalari bilan yashashi kerak, degan xulosa ham yo‘q. Bolalar reabilitatsiya markaziga jalb qilinishi kerak. Muammo oila bilan bog‘liq bo‘lsa, bolaning o‘sha yerda bo‘lgani yaxshi.
O‘z xulosamda bolalarni reabilitatsiya qilish kerakligini yozish bilan birga, ularga shunday markaz ham topib berdim. Nima uchun olib borishmadi, hayronman.
O‘sha kuni ayol farzandlari oldiga quchoq ochib kirdi, Bobur onasini quchmay, o‘tib ketdi. Zarnigor esa qocha olmadi. Bolalarda onasiga nisbatan jirkanish, ijirg‘anish va umuman salbiy munosabat ko‘rdim. Bir so‘z bilan aytganda, 5 yashar qizda 16-17 yoshida zo‘riqib qolgan qizlarning harakati sezilardi.
Bilasizmi, bolalardagi bog‘lanish otaga ham emas, balki, shu uyda ular bilan birga yashaydigan bobo va buviga nisbatan shakllanganini sezdim.
Bolalar bilan suhbatda bo‘lib, ularni reabilitatsiya qilish kerakligi, vaqtincha onasi bilan yashamasligi haqida xulosa berishimga qaramay, sud bolalarni onasi bilan yashashi haqida qaror chiqaribdi. Agar sud bunday vaziyatda mening ishimdan qoniqmasa, masala qayta ko‘rilishi kerak edi.
Bu oila bilan bog‘liq yana bir narsani aytishni istardim: ularda nafaqat farzandlar, balki er va xotin o‘rtasidagi munosabatlar hamda ularning psixologiyasi ham buzilgan. Afsus, ular psixolog bilan gaplashish va tavsiya olishni istashmadi”, deydi psixolog.
Surishtiruv xolis bo‘lishi, ikki tomon ham tinglanishi kerakligini hisobga olib, murojaatchi Abdulaziz Shermatovning turmush o‘rtog‘i – Dilorom Shermatovaning uyiga bordik. Ayol o‘zini video va foto tasvirga tushirishimizni xohlamadi. Undan MIB tomonidan taqdim etilgan, turmush o‘rtog‘i farzandlarini yashirgani haqidagi xabarga izoh so‘raganimizda, shunday dedi:
“Uch oy yoz, uch oy kuz va uch oy qish – jami 9 oy. Martning oxiri bilan 10 oy bo‘ladi. MIB xodimlari 11 oy, deb ma’lumot bergan. Nima uchun 11 oy yashirdi, deyishganini men bilmayman. Uni o‘zlaridan borib so‘rang.
Hozir farzandlarimning holati yaxshi. Psixologiyasi ham joyida. Ularning intervyu berishini istamayman. Bu yerda odam ko‘pligi bolalarning ruhiyatiga yomon ta’sir ko‘rsatyapti.
Guvohi bo‘lganingizdek, har ikki tomonni tinglashga harakat qildik. Ma’lumot e’lon qilinishidan avval hodisani to‘liq o‘rganish, tomonlar fikrini tinglash va voqelikka xolis yondashgan ma’qul. Taqdim etilayotgan ma’lumot shaxsning qadr-qimmati, sha’ni, obro‘-e’tibori va jamiyatdagi o‘rniga putur yetkazishi kerak emas.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-27-moddalarida shaxsiy daxlsizlik huquqi kafolatlangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 461-moddasiga ko‘ra, shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Barcha uchun bir bo‘lishi kerak bo‘lgan qonunlar davlat idoralariga kelganda ishlamaydimi? Bugun MIB oddiy bir fuqaroning sha’niga putur yetkazib, uni o‘z bolalarini berkitib o‘tirishda osonlikcha ayblasa, ertaga bu tashkilotdan yana nimalar kutish mumkin? Bunga kim javob beradi? Abdulaziz Shermatovdek fuqarolar MIB kabi tashkilotlar qarshisida ularning isbotlanmagan ayblovlariga tilini tiyib, bo‘ynini egib qolib ketaveradimi? Xulosa o‘zingizdan.
LiveBarchasi