Islom va musulmonlar borasida Mirziyoyev Karimovdan keskin farq qiladi – siyosatshunos

Jamiyat 15557
image

O‘zbekistonning amaldagi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom diniga Birinchi Prezident Islom Karimovdan ko‘ra boshqacha qarayapti. Fransiyada yashayotgan o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov ikki davlat rahbarining Islom diniga munosabatini tahlil qilib, shunday fikrni bildirgan.

Rabbimov Prezident Mirziyoyev jamiyatning diniy ehtiyojlarini his qilayotgani, ularni qondirish uchun davlat siyosati darajasida imkoniyat izlayotganini ta’kidlab o‘tgan.

“Toshkentda qurilayotgan “Islom sivilizatsiyasi markazi” haqidagi reportajni ko‘rdim. Prezident Mirziyoyev bu markazga ko‘p marta kelib, o‘z fikrlarini bildirib, qarashlarini takrorlab kelyapti. Islom va musulmonlar borasida Mirziyoyev Karimovdan keskin farq qiladi.

Karimov jamiyatning dindorlik darajasi bilan kurashib keldi, Islomni qoloqlik va hokimiyatga qarshilik ko‘rsatish mafkurasi sifatida qabul qildi. Mirziyoyev esa, islom dinini jamiyatni ruhlantirish, jipslashtirish, erkinlashtirish uchun vosita sifatida ko‘ryapti. Asosiysi, Islom o‘zligi va an’anaviyligidan hayiqmaydi. Faqat, dinning jamiyat taraqqiyotiga to‘sqin bo‘ladigan talqiniga rozi bo‘lmaydi.

Bu ma’noda, Mirziyoyev Islom va musulmonlar bilan kurashishga moyil emas, balki barcha erkin va taraqqiyotga moyil bo‘lgan musulmon davlatlaridagi kabi, radikal talqinlarga qarshi. Karimovni dunyoqarashi ateistik SSSRda shakllangan edi. Mirziyoyevni qarashlari esa, ko‘proq “perestroyka” va karimovcha ziddiyatlar davrida shakllandi. Asosiysi, Prezident Mirziyoyev jamiyatning diniy ehtiyojlarini his qilyapti, ularni qondirish uchun davlat siyosati darajasida imkoniyat izlayapti. Yaqinda qiz-juvonlarni o‘quv dargohlarida o‘ranib yurishini himoya qiluvchi shaxsni Oliy ta’lim vaziri sifatida tayinlashi ham, bu siyosatning unsurlaridan biri hisoblanadi”, degan siyosatshunos.

Rabbimov so‘zida davom etib, bahaybat qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqada shu turdagi yagona muassasa ekaniga e’tibor qaratgan. U Mirziyoyevning maqsadi Islomni nazorat qilish va bostirish emasligiga to‘xtalib o‘tgan.

“Prezident Mirziyoyevni qarashlariga ko‘ra, bahaybat qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, butun Markaziy Osiyodagi shu yo‘sindagi yagona muassasa bo‘lishi kerak. O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasiga daxldorligini urg‘ulovchi, jamiyatga islom madaniyati va ma’rifatina tarqatuvchi, istiqbolda bu borada strategik g‘oyalar, loyihalar, yondashuvlar ishlab chiqish uchun ham asosiy maydoncha bo‘lishi nazarda tutiladi.

Karimov ham “O‘zbekiston islom universiteti”ga asos solgandi, Putinni olib borib, dinni nazorat qilish texnologiyasi bilan maqtangan edi. Lekin, Mirziyoyevni maqsadi – nazorat qilish va bostirish emas, haqiqiy islomiy ma’rifat, ilm va o‘zlikni parvarishlash ekanligi ko‘rinib turibdi”, degan Kamoliddin Rabbimov.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 29 yanvarida Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishini ko‘zdan kechirdi. Prezident markaz qurilishi bo‘yicha tavsiyalarini berib o‘tdi. Shuningdek, markazning kelajakdagi roli haqida shunday dedi:

"Ko‘pchilik o‘ylaydi: nima uchun Prezident ikkita Renessansni esladi, deb. Bu - g‘oya, kelajakdagi maqsadimiz. Mamlakatimiz intilayotgan marralar uchun tariximizdan ruhiy kuch olishimiz kerak-ku! Bu markaz Uchinchi Renessans poydevoridan biri bo‘lishiga umid qilamiz. Chunki u ilmiy, dunyoviy, zamonaviy markaz bo‘ladi".

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 424
Reyting: 3
t
×