Karimov xotira marosimidagi oilaviy fotoalbomdan Gulnora va Lola Karimovalar ham o‘rin oldi

Jamiyat

image

Bugun, 30 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov hayot bo‘lganda 83 yoshni qarshilagan bo‘lar edi. Shu munosabat bilan “Oqsaroy” majmuasida Islom Karimov xotira haftaligi o‘tkazilmoqda. 

Joriy yilning 28 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan xotira tadbirida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov xotirlandi. “Oqsaroy” foyesiga o‘rnatilgan monitorda Islom Karimovning oila a’zolari bilan tushgan suratlari namoyish etildi. 

Ushbu suratlar orasida Islom Karimovning qizlari Gulnora Karimova va Lola Karimova-Tillyayevani ham ko‘rish mumkin. Shuningdek, suratlardan Gulnora Karimovaning o‘g‘li (kichik) Islom Karimov, qizi Imon, Lola Karimovaning to‘ng‘ich qizi Maryamni ko‘rish mumkin. 

Qayd etish joizki, o‘tgan yili Toshkent fotosuratlar uyida Islom Karimov faoliyati va hayotiga oid suratlar taqdimoti o‘tkazilgan edi. Birinchi Prezidentning shaxsiy fotografi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farhod Qurbonboyev va fotorassom Temur Qurbonboyev suratlari asosida yaratilgan kitob-albom nashr etilgandi. Ahamiyatli jihati shundaki, kitob-albomga 300 dan ortiq suratlar kiritilgan bo‘lib, ular orasida Islom Karimovning qizlari bilan tushgan birorta surati yo‘q. 

Bungacha, ya’ni Islom Karimov hayotlik davrida u haqida chop etilgan kitob-albomlardan oilaviy suratlar, jumladan qizlari Gulnora Karimova va Lola Karimova-Tillyayeva hamda nabiralari bilan tushilgan suratlar ham o‘rin olgandi.

Ma’lumki, Karimovlar oilasining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2013 yildan buyon jinoyatlari uchun javob bermoqda. U ayni vaqtda hibsda. Oilaning kenjasi Lola Karimova-Tillyayeva esa turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. Gulnora Karimovaning farzandlari Islom va Imon esa ayni vaqtda Londonda tahsil olmoqda. Karimovlar oilasidan faqat Tatyana Karimova O‘zbekistonda istiqomat qilmoqda. U Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish va Karimov nomidagi Respublikasi jamoat fondi faoliyatini yuritishda bosh-qosh. Biroq, u “Oqsaroy”da o‘tgan xotira tadbirlarida shaxsan ishtirok etmoqda. Tadbir ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi.


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova Islom Karimov Lola Karimova-Tillyaeva

Baholaganlar

2016

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing