Qamoqxonadagi ovqatlar talabga javob beradimi?

Intervyu

O‘zbekistondagi qamoqxonalarda inson huquqlari qanchalik bor? north_east

O‘zbekistondagi qamoqxonalarda inson huquqlari qanchalik bor?

Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori, zaxiradagi prokuratura polkovnigi Sayyora Xo‘jayeva QALAMPIR.UZ bilan suhbatda Jazoni ijro etish muassasalarida bo‘lgani, bu yerda mahkumlarning ovqatlanish sharoitlari bilan tanishgani va 1948 yilda qamoqxonalarda mahkumlar uchun bir kunlik non hajmi 600 gr bo‘lgani, lekin hozirgi kundu bu 350 grni tashkil qilishi va Vazirlar Mahkamasining bu boradagi qarori ayni sharoitga umuman to‘g‘ri kelmasligi haqida aytgan edi. 

Kuni kecha “Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Jazoni ijro etish tizimi faoliyati: xalqaro standartlar hamda xorijiy va milliy tajriba” mavzusida o‘tkazilgan seminarda QALAMPIR.UZ ushbu masalani ko‘tarib, Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) kotibiyati mudiri Saidbek Azimovga yuzlandi. 

JIEMlarda oziq-ovqat ta’minoti borasida Azimov nima deydi? 

“Buni inson huquqi buzilishi deb aytolmayman, lekin Vazirlar Mahkamasining 2015 yilning 7 iyulida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining vaqtincha saqlash hibsxonalarida va tergov hibsxonalarida saqlab turilgan shaxslarning, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan mahkumlarning ta’minoti me’yorlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori hozirgi sharoitga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Bu muassasaning aybi emas, sababi Vazirlar Mahkamasining tasdiqlagan ro‘yxati bor. Bu ishlar aynan shu ro‘yxat asosida amalga oshiriladi. 

Bir narsani yangilik sifatida aytishim kerak. O‘tgan haftada IIVdan Vazirlar Mahkamasining qaroriga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida yo‘riqnoma keldi. Bunda oziq-ovqat bilan bog‘liq masalalarni qayta ko‘rib chiqish haqida aytilgan. Albatta, muammo bor va biz uning yechimi ustida ishlayapmiz.

Sayyora Otaxonovna Xo‘jayeva bilan birga Jazoni ijro etish muassasasiga borganimizda, biz bilan birga Bolalar huquqi bo‘yicha Ombudsman Aliya Yunusova ham borgandilar. Albatta, u yerdagi sharoit bilan tanishdik. Muammolar bor. O‘zimiz guvohi bo‘lgan muammolar yechimini so‘rab, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga murojaat qilganmiz”, deydi Ombudsman kotibiyati mudiri Saidbek Azimov. 

Qayd etilishicha, mahkumlarga yaratilgan sharoit, ularni oziq-ovqat bilan ta’minlash birinchi o‘rinda turadi. Mahkumlarning kunlik ratsionlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ham Hukumatga qat’iy takliflar berilgan. Mahkumlarga beriladigan, salat, non, go‘sht barcha oziq-ovqat mahsulotlariga yaxshi e’tibor berish, bunda qo‘shni davlatlar tajribasini ham o‘rganish zarurligi, mahkumlarning taomlanishini Qozog‘iston Respublikasi ham qaytadan ko‘rib chiqib, Nizomga o‘zgartirish kiritgani aytildi. 

“Pandemiya vaqtida mahkumlarga yaqin qarindoshlari tomonida yo‘qlovlar kiritish man etilgan edi. Bir narsani aytish kerak, ularga boradigan yo‘qlovlar ham ancha dalda bo‘lardi. Hozirgi kunda yo‘qlovlardan qat’i nazar Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga o‘zgartirish kiritiladi. Bu yerda bizni pozitsiyamiz aniq qo‘yilgan. Oziq-ovqat mahsulotlarini xalqaro tajribani inobatga olib ko‘paytirish juda zarur. 

Mahkumlarga beriladigan oziq-ovqat mahsulotlarining yaxshilanishida Jazoni ijro etish muassasalari (JIEM) ham manfaatdor. Mahkumlarga yaratilgan sharoit qancha yaxshi bo‘lsa, lo‘nda qilib aytganda, ularning “qulog‘i tinch bo‘ladi”, muammolar yechimini topsa, mahkumlar orasida ham noroziliklar kam bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qildi Saidbek Azimov. 

Uning ta’kidlashicha, ko‘p yillar davomida Jazoni ijro etish tizimi yopiq bo‘lgan, muammolar ochiq aytilmagan. Hozirgi kunda bu tizim ancha ochilgan. Bugungi kunda Jazoni ijro etish muassasasiga nafaqat Ombudsman, balki milliy preventivniy mexanizm doirasida fuqarolik aktivlari ham kirib, muammolar bilan tanishishlari mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

IIV Vazirlar Mahkamasi Po'lat Bobojonov Ombudsman qamoqxona oziq-ovqat

Baholaganlar

278

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing