IIBB “Chimyon“ga yo‘l olgan haydovchilarni ogohlantiryapti
Jamiyat
−
25 noyabr 2019
7112O‘zbekistonda havo harorati kun sayin pasayib bormoqda. Hafta davomidagi ob-havo ma’lumotlariga ko‘ra, respublikamiz hududida yomg‘ir, qor yog‘ishi va sovuq havo harorati kutilmoqda. Bu esa avtomobil yo‘llarida muzlamalar hosil bo‘lishiga olib keladi. Shu bois Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi haydovchilarga murojaat bilan chiqdi. Unda shunday deyiladi:
“Biz barcha haydovchilardan transport vositasini boshqarish vaqtida murakkab ob-havo sharoitini hisobga olishlarini, zarurat bo‘lmaganda tungi vaqtlarda harakatlanmaslikni, ayniqsa tezlik talablariga qat’iy amal qilishlarini, piyodalardan yo‘lni kesib o‘tishda o‘ta hushyor bo‘lishlarini, kattalardan esa yo‘llarda farzandlarining harakatini nazoratga olishlarini so‘raymiz.
Dovon yo‘lida harakatlanadigan har qanday transport vositasi eng avvalo texnik soz bo‘lishi lozim. Bunda, shinalar va isitish moslamasi, rul boshqaruvi hamda tormoz tizimlariga alohida e’tibor berilishi zarur. Dovon tomon yo‘lga otlangan haydovchilardan o‘zlari va o‘zgalarning xavfsizligi uchun ushbu qoidalarni unutmasliklarini eslatib o‘tamiz. Shundagina tog‘li yo‘llar xatarsiz va ravon bo‘ladi.
Qorli yo‘llarda harakatlanish mashaqqati tez-tez uchraydigan xavfli burilishlar, tepalikka chiqish va pastlikka tushishda haydovchi uchun haqiqiy sinov vazifasini o‘taydi. Mana shunday yo‘llarda harakatlanganda “qishga tayyorgarlik” degan so‘zning asl ma’nosini his etasiz. Viloyatimiz hududida esa qorli kunlarda tog‘larga chiqib, musaffo havodan to‘yib nafas olishni istovchilar soni ham ortadi. Ayniqsa, Bo‘stonliq, Parkent, Angren tumanlarida, xususan Chimyon tog‘ yon bag‘irlarida transportlar qatnovi ko‘payadi. Bu o‘z navbatida harakatlanish xavfsizligini ta’minlash, yo‘nalishidagi ishlar samaradorligini oshirishni talab etadi.
Shu o‘rinda haydovchilarimizga ayrim mulohazalarni aytib o‘tmoqchimiz. Kuzatishimizcha sirpanib tepalikka chiqa olmayotgan aksariyat avtomobillar qish mavsumga tayyorlanmagan. Ko‘pchilik haydovchilar yozgi shinalarni qishkisiga almashtirishmagan. Ayrimlarining shinalari xizmat qilish muddatini o‘tab bo‘lgan. Bu esa tog‘li yo‘lda, qor yog‘ganda ma’lum qiyinchiliklarni, muammolarni keltirib chiqaradi.
Toshkent viloyati IIBB YHXB “Chinor” muntazam yo‘l-patrul xizmati maskani dovon yo‘lida joylashgan. Maskanda xizmat olib borayotgan xodimlar bu yerdan o‘tayotgan transport vositalarining haydovchilari bilan suhbatlar o‘tkazib, dovonda harakatlanish tartiblarini tushuntirib borishmoqda. Suhbatlarda alohida e’tibor yuk avtomobillariga qaratilmoqda. Chunki, dovon yo‘lidan tungi vaqtlarda yuk avtomobillari ko‘p harakatlanadi.
Umuman olganda har bir haydovchi u qaysi yo‘lda harakatlanishidan qat’iy nazar, qish mavsumga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi, “Yo‘l harakati qoidalari” talablarini so‘zsiz bajarishi shart. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash aynan mana shu narsalarga chambarchas bog‘liq ekanligini unutmaylik”.
LiveBarchasi