Fathulla Ma’sudov vafot etdi
Madaniyat-san’at
−
30 avgust 2020
73362Bugun, 30 avgust kuni O‘zbek milliy akademik drama teatri direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fathulla Ma’sudov 57 yoshida vafot etdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Avvalroq, Fathulla Ma’sudov koronavirus-pnevmoniya xastaligi bilan Toshkentdagi xususiy shifoxonada bir necha kundan buyon davolanayotgani haqida xabar bergan edik. Uning ahvoli og‘ir ekani aytilgandi.
Ma’lumot uchun, Fathulla Ma’sudov 1963 yil Toshkent shahrida tavallud topgan. 1980-1984 yillarda Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti talabasi bo‘lgan.
1986-1988 yillarda O‘zbek davlat akademik drama teatri rejissyor yordamchisi, 1988 yildan esa aktyor sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2015 yildan O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori lavozimida ishlaydi.
1999 yili "Shuhrat” medaliga sazovor bo‘lgan. 2003 yili O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan mukofotlangan. 2014 yili "Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.
U teatr sahnasida "Qutlug‘ qon”da Yigit, "Sehrli apelsin”da Shahzoda, "Tuhmat”da Umid, "Mirzo Ulug‘bek”da Ali Qushchi, “O‘tkan kunlar”da Abduhakim, "Xotinlar gapidan chiqqan hangoma”da Quvonch, "Shum bola”da Omon, "Alisher Navoiy”da Sohibdoro, Mansur, "Sohibqiron”da Alovuddin, "Mashrab”da mulla Boqiy, "Hayotdan to‘ygan tun”da Asad, "Kunduzsiz kechalar”da Oybek, "Qirol Lir”da fransuz Qiroli, "Usmon Nosir”da Usmon, "Adibning umri”da Oybek, "Uch kunlik dunyo”da Abdusattor, "Talvasa”da kichik farzand, "Cho‘rtan baliq amri bilan”da Qorbobo, "Najot istab”da Murod, "Neksiya”da Ta’lat, "Abulfayzxon”da Rahimbek, "Taxtizar”da Gerakl, "Umr shomidagi baxt”da prokuror, "Al-Farg‘oniy”da Dilmurod, "Eng suluv kelinchak”da Abdulla, "O‘zbekcha raqs”da Tursunboy, "Hasrat bog‘i”da Ashraf, "O‘g‘rini qaroqchi urdi”da Zamon, "Kurort”da Shlyapali kishi, "Yetti faryod”da Santelyano, "Bir qadam yo‘l”da Abdulqodir, "O‘tkan zamon hangmalari”da O‘g‘ri, "Oltin qiz”da O‘g‘il, "Chimildiq”da Tog‘a, "O‘tkan kunlar”da Otabek, "Omon bo‘lgin, azizim”da Jorj, "Senga bir gap aytaman”da O‘g‘il, "Sizsiz o‘tmas kunlarim”da Ismoil va boshqa ko‘plab spektakllarda rang – barang obrazlar ijro etib kelmoqda.
Bundan tashqari, "Qaldirg‘och”, "Seni izlab”, "Ayol zoti”, "Oq tulpor izidan”, "Jumboq”, "Toychoq”, "Ostona”, "Qutirgan itlar orasida”, "Kichkina tabib”, "Zumrad va Qimmat”, "Mehribonginam”, "Munis onam”, "Otangga qo‘l ko‘tarma”, "Bekatdagi odam”, "Xonadon egasi” kabi filmlarda rol ijro etgan.
QALAMPIR.UZ tahririyati a’zolari o‘zbek teatr va kino san’atida o‘chmas iz qoldirgan Fathulla Ma’sudovning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.
LiveBarchasi