Aktyor Fathulla Ma’sudovning og‘ir ahvoldaligi xabar qilindi
Madaniyat-san’at
−
27 avgust 2020
56630O‘zbek milliy akademik drama teatri direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fathulla Ma’sudovning og‘ir ahvoldaligi xabar qilindi. Ushbu ma’lumotni tasdiqlash maqsadida QALAMPIR.UZ aktyorning turmush o‘rtog‘i Gulira’no Ma’sudova bilan muloqotda bo‘ldi.
“Ahvollari yaxshi emas. Xalqimizdan duoda bo‘lishlarini so‘raymiz”, deydi aktyorning rafiqasi.
Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan gap-so‘zlarning yarmi chin bo‘lsa, yarmi yolg‘onligini alohida urg‘ulashni, aktyorning shaxsi va oilasi hurmat qilishni so‘ragan bo‘lar edik.
Haqiqatan ham Fathulla Ma’sudov koronavirus-pnevmoniya xastaligi bilan Toshkentdagi xususiy shifoxonada bir necha kundan buyon davolanib kelmoqda. Ayni vaqtda u shifokorlarning jiddiy nazorati ostida qolmoqda.
Futhalla Ma’sudov 1963 yil Toshkent shahrida tavallud topgan. 1980-1984 yillarda Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti talabasi bo‘lgan.
1986-1988 yillarda O‘zbek davlat akademik drama teatri rejissyor yordamchisi, 1988 yildan esa aktyor sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2015 yildan O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori lavozimida ishlaydi.
1999 yili "Shuhrat” medaliga sazovor bo‘lgan. 2003 yili O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan mukofotlangan. 2014 yili "Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.
U teatr suhnasida "Qutlug‘ qon”da Yigit, "Sehrli apelsin”da Shahzoda, "Tuhmat”da Umid, "Mirzo Ulug‘bek”da Ali Qushchi, “O‘tkan kunlar”da Abduhakim, "Xotinlar gapidan chiqqan hangoma”da Quvonch, "Shum bola”da Omon, "Alisher Navoiy”da Sohibdoro, Mansur, "Sohibqiron”da Alovuddin, "Mashrab”da mulla Boqiy, "Hayotdan to‘ygan tun”da Asad, "Kunduzsiz kechalar”da Oybek, "Qirol Lir”da fransuz Qiroli, "Usmon Nosir”da Usmon, "Adibning umri”da Oybek, "Uch kunlik dunyo”da Abdusattor, "Talvasa”da kichik farzand, "Cho‘rtan baliq amri bilan”da Qorbobo, "Najot istab”da Murod, "Neksiya”da Ta’lat, "Abulfayzxon”da Rahimbek, "Taxtizar”da Gerakl, "Umr shomidagi baxt”da prokuror, "Al-Farg‘oniy”da Dilmurod, "Eng suluv kelinchak”da Abdulla, "O‘zbekcha raqs”da Tursunboy, "Hasrat bog‘i”da Ashraf, "O‘g‘rini qaroqchi urdi”da Zamon, "Kurort”da Shlyapali kishi, "Yetti faryod”da Santelyano, "Bir qadam yo‘l”da Abdulqodir, "O‘tkan zamon hangmalari”da O‘g‘ri, "Oltin qiz”da O‘g‘il, "Chimildiq”da Tog‘a, "O‘tkan kunlar”da Otabek, "Omon bo‘lgin, azizim”da Jorj, "Senga bir gap aytaman”da O‘g‘il, "Sizsiz o‘tmas kunlarim”da Ismoil va boshqa ko‘plab spektakllarda rang – barang obrazlar ijro etib kelmoqda.
Bundan tashqari, "Qaldirg‘och”, "Seni izlab”, "Ayol zoti”, "Oq tulpor izidan”, "Jumboq”, "Toychoq”, "Ostona”, "Qutirgan itlar orasida”, "Kichkina tabib”, "Zumrad va Qimmat”, "Mehribonginam”, "Munis onam”, "Otangga qo‘l ko‘tarma”, "Bekatdagi odam”, "Xonadon egasi” kabi filmlarda rol ijro etgan.