Fathulla Ma’sudov yo‘qolib qolgan to‘y yoxud 400 dollar hikoyasi
Madaniyat-san’at
−
15 Sentabr 2020
635002010 yil edi, bir yaqinimiz to‘y qilsam, albatta Fathulla Ma’sudovni olib kelasan, derdi meni har ko‘rganida. “Xo‘p” deb qo‘yaqolardim. Ammo to‘y payti biror bahona toparman, deb yurardim. Chunki Fathulla aka bilan tanish emas edim-da.
To‘y qilmoqchi bo‘lgan kishi kenja o‘g‘lining ismini Fathulla deb qo‘ygan, san’atkorga ixlosi juda baland ekanligini shundan ham bilish mumkin edi. To‘y kuni yaqin, biroq men hali suyukli san’atkorimiz bilan gaplasholganim yo‘q. Qishloqda esa gap-so‘z bo‘lib ketgan, “Toychoq” to‘yga kelarkan deb.
To‘y arafasida Milliy teatrimizga bordim. Fathulla akaga uchrashib, aka, mana shunday gap deb to‘y sohibining muddaosini aytdim. To‘y kunini so‘radilar. Aytdim. Orada 11 yoki 12 kun bor edi.
— Bunday qilamiz, — dedilar Fathulla aka. — Men bugun Qozog‘istonga o‘n kunlik syomkaga ketaman. Falonchi kuni falon soatda Sobir Rahimovdagi Shoh bekatda ko‘rishamiz, dedilar.
Rosti, men ishonmadim. Negaki, na xizmat haqini aytdilar, na borib kelish qanaqa bo‘ladi, deb so‘radilar. Nima bo‘lganda ham ishonmasdan ketdim. Yaqinimiz esa har kuni o‘n marta telefon qiladi, gaplashdingmi deb. Ha, deyman palag‘da qilib. Unda mashina yuboraman, aktyorimizni urintirmay, toliqtirmay opkelasan, deydi. Xo‘p, deymanu mashinani falonchi kunga ayting, deb ham aytolmayman. Axir, aktyorga ishonchim yo‘q.
Xullas, o‘n kun o‘tib ketdi. O‘n birinchi kuni tong saharda Fathulla aka bilan kelishilgan joyga, aytilgan soatda bordim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, aka turibdilar po‘rimgina kiyinib. Xursand bo‘lib ketdim. To‘y sohibiga mashinani yuboring, deb aytmaganimga juda hijolat bo‘ldim. Ammo qarab turib bo‘lmaydi, bir ulovni gaplashib, Fathulla aka turgan joyga kelsam, aka yo‘q. Bir payt meni chaqirib qoldilar. Qarasam, bir mundayroq Neksiyaning orqasiga o‘tirvolib meni chaqiryaptilar.
Yuring, alohida mashinada ketamiz, desam, yo‘q deb turib oldilar. Unda hech bo‘lmasa, oldingi o‘rindiqqa o‘ting desam, yo‘q sizning gavdangiz katta, orqada qiynalasiz, orqa o‘rindiqda ketaveraman dedilar. Shunday qilib, orqada sevimli aktyorimiz va yana ikki begona odam, oldinda esa xuddi xalq artistidek men ketyapman. Hozir o‘ylasam, uyatdan hijolat bo‘lib ketaman.
To‘yxonaga yetib bordik. To‘y egasi juda qattiq niyat qilgan ekan. Kann festivalidagi gilamlarday poyandoz to‘shab, o‘zining suyukli aktyorini kutib oldi. Yelkasiga to‘n yopdi, qadamlariga qo‘chqorni bo‘g‘izladi. Bunday iltifotdan Fathulla aka hijolat bo‘lar, kerak emas, kerak emas, derdi nuqul.
To‘yni juda chiroyli qilib ochib berdilar. Ora-orada davraga chiqib she’rlaru monologlar o‘qib ko‘ngillarni shod etdilar. Navbat qo‘shiqchiga berilgach, odamlar qiy-chuv solar, Fathulla aka gapirsin, qo‘shiq har kuni bor, bunday odamlarni qachon ko‘ramiz, derdi hamma.
Fathulla aka esa aksariyat to‘ylarda buning aksini ko‘rganini aytib, odamlar she’rdan bezor bo‘lgan bir paytda bu urgutliklar she’r so‘raganini qarang, derdilar kulib.
Qizig‘i, aka she’rni boshlagach, odamlar gurra-gurra kelib pul qistirar, aktyorimizning kostyum shimidagi cho‘ntaklari pulga to‘lib ketardi. Fathulla aka bundan yana hijolat tortgandek qizarib-bo‘zarardi.
Bir payt aktyor ko‘rinmay qoldilar. Qo‘shiqchi besh-oltita mashhur ashulani buzib-buzib aytib bo‘lgach, yana davraga akani chorladi, ammo u kishi yo‘q. Hamma qidirishga tushdi. Bir payt bir bolakay aytdiki, qo‘shnining uyida peshin namozini o‘qiyapti ekanlar. Qo‘shiqchi bu haqda davraga e’lon qilib, hozir kelarkanlar, peshinni o‘qiyotgan ekanlar, degan edi, qiy-chuv bo‘lib ketdi. Bu shovqin san’atkorga bo‘lgan hurmat, uning e’tiqodiga, axloqiga ehtiromning namunasi edi.
To‘y juda zo‘r o‘tdi. To‘y sohibi behad minnatdor bo‘ldi. Aktyorni qo‘yarda-qo‘ymay o‘sha kuni olib qoldi uyiga. Ertasiga Urgutning mashhur Yuqori bozoriga olib bordi. Bozorda yuribmiz, sotuvchi zoti borki, aktyorni ko‘rib dastxat so‘raydi, rasmga tushaylik deydi. Aka qurshovda qolib ketdi. Ammo bundan xursand bo‘lar, rahmat-rahmat derdi tinmay. Bir ayol chappaki nondan yigirmatani sanab aktyorga berdi. “Mana buni ballariz bilan yeng, mazasi og‘zizga qoladi, aylanay sezga” dedi. Buni ko‘rib bir otaxon shoshganidan nima qilishni bilmay sotayotgan nosidan yarim kilocha tortib, mana buniyam olib keting, dedi. Men chekmaymanda, degandilar, qo‘shnilarga berasiz, Urgutniki boshqacha, dedi beg‘ubor kulib otaxon.
Ana shunaqa bir olam ehtiromlarga cho‘mib, Toshkentga qaytdik. Xayrlashar chog‘imiz, menga boyagi nondan to‘rttasini bir paketga solib berdilar. Harchand qarshilik qilmayin, olasiz, axir siz bo‘lmasangiz men qayoqdayu urgut qayoqda edi, dedilar.
Uyga keldim. Nonni paketdan olib yoyib qo‘yay deb, shundoq qarasam, ularning orasidan to‘rt yuz dollar chiqdi. Oh, dedim, bu pullarni adashib berib yuborgan deb, shu zahoti uylariga telefon qildim. Hayriyat, o‘zlari ko‘tardilar go‘shakni. Holatni tushuntirdim.
“U sizning haqingiz, ona sutiday halol, atayin nonni orasiga solib yubordim. Mendan esa xavotir olmang, Urgutdan o‘nta to‘ydan ham ololmaydigan pul tushdi, ko‘rdingiz-ku”, dedilar.
Shu voqeadan keyin aka bilan qadrdon bo‘lib qoldik. Ko‘p suhbatlashardik. Suhbatlasha turib odam degani shunchalar samimiy, shunchalar toza bo‘lishi mumkinmi, deb ko‘p o‘ylardim. Vafotlaridan keyin yanada ma’lum bo‘ldiki, u kishi haqida hamma shunday o‘ylarkan.
Hammani yig‘latib ketgan akam, oxiratingiz obod bo‘lsin. Chinakam xalq artisti deb sizdeklarni aytishadi. El orasiga kirsangiz, o‘z farzandiday qabul qilgan bu xalq sizni unutmaydi. Sizni to‘yiga chorlagan muxlisingiz vafotingizni eshitib, uch kun bel bog‘labdi, odamlarga xudoyi qilib beribdi. Siz ana shunday bag‘ri ummon insonlar qalbida mangu yashaysiz...
Maqsud Jonixonov, jurnalist