Dabdabali to‘y qilayotganlarning asosiy qismi poraxo‘r amaldorlar
Jamiyat
−
10 Oktabr 2019
12024Xabaringiz bor, joriy yilning 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi. Qaror bilan To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova dabdabali to‘y qilayotganlarning daromadlari yuzasidan tekshiruv o‘tkazish kerakligini talab qilmoqda. Bu haqda u kecha, 9 oktyabr kuni efirga uzatilgan “Munosabat” ko‘rsatuvida gapirgan.
“Fuqaro to‘y qilayotgan restoranga boradi va shartnoma tuzadi. Shartnomada to‘yda qatnashuvchilar, to‘yda xizmat qiladigan san’atkorlar soni ko‘rsatiladi va bularning hammasi litsenziyaga ega bo‘lishi kerak. Bundan chetga chiqiladigan bo‘lsa, soliq inspeksiyasi jazolash, jarimaga tortish turini ishlab chiqishyapti”.
Ko‘rsatuv boshlovchisi jurnalist Quddus A’zamning qayd etishicha, yerdan oyog‘i uzilgan tadbirkor, har xil yo‘llar bilan pul topgan boyvachcha mahalla bilan hisoblashmaydi. Nazariga ham ilmaydi.
Vorisovaning ma’lum qilishicha, Xalq demokratik partiyasi odamlarning daromadlarini hisoblashni oldindan rejalashtirib qo‘ygan.
“Xalq demokratik partiyasining saylovoldi dasturiga kiritayotgan yana bir talabi shundan iboratki, mana shunday hisoblashmaydigan puldorlarimiz, pulni o‘ynab topadigan shaxslarimiz daromadlari haqida deklaratsiya ham ko‘rsatishsin. Qaysi pul evaziga shunday to‘y qilishyapti? Qaysi mehnati evaziga topdi ekan? Deklaratsiya ko‘rsatilsa, insonning daromadi va xarajati bir-biriga mos kelishi kerak. Agar uning daromadi ishlatgan sarf-xarajatidan kam bo‘lsa, demak bu pul o‘g‘rincha pul. Mana shu narsani hal qilishimiz kerak”.
Masalaga jurnalist Quddus A’zam qo‘shilib, bunda xorij tajribasini qo‘llash haqida fikr bildiradi:
“Nima chet elda daromadi bilan buromadi to‘g‘ri kelmasa, Messi bo‘ladimi, Ronaldu bo‘ladimi, darrov qamashga boradi. Bu dabdaba qilayotganlarning asosiy qismi tadbirkor emas. Asosiy qismi ashaddiy poraxo‘rlar, amaldorlar, to‘g‘risini aytish kerak. Nimaga soliq inspeksiyasi borib, “Xo‘p janob, 100 ming dollarlik to‘y qilibsiz, daromadingiz manbaini ko‘rsating”, demaydi. Biz kichkina maqolacha yozsak, 3 000 so‘m to‘lab keting, qo‘shimcha daromad topibsiz deydi”.
“Soliq organlarida hozirgi kunda ishlab chiqilayotgan proyektga asosan, 2020 yildan boshlab birinchi o‘rinda davlat organlari xodimlari tomonidan topgan daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishlari nazarda tutilyapti. Bu Nizom bilan davlat soliq xizmati organlariga to‘y egalari tomonidan qilingan xarajatlarni nazorat qilish vazifasi yuklatildi. Ya’ni ertaga to‘y egasining to‘yda qilgan xarajatlari hisob-kitobi soliq organi tomonidan olinadi. Qaysi ma’noda? To‘yga qancha san’atkorni taklif etgani, mashinalarga qancha xarajat qilgani, stol uchun va boshqa xarajatlarni inobatga olamiz.
Xarajati daromadidan oshib ketdimi, demak bu pullar noqonuniy yo‘llar bilan topilganini ko‘rsatadi”, deydi Davlat soliq qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Shuhrat Ismoilov.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr