Huquqiy himoya, ma’naviy zararni qoplash va kompensatsiya – Investorlar uchun yangi qonun ma’qullandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 25-yalpi majlisida senatorlar “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunni muhokama qildilar. 

Qonun investitsiya sohasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi yagona norma sifatida qabul qilinmoqda.  U 1998 yilda qabul qilingan 3 ta asosiy “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”, “Investitsiya faoliyati to‘g‘risida” va “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida”gi qonunlarni hamda yuzdan ortiq qonunosti xujjatlarni unifikatsiya qilishni nazarda tutadi.

Qonunda investitsiya faoliyati bilan bog‘liq bir qator mutlaqo yangi normalar kiritilgan.

Bular:
•    mahalliy va xorijiy investorlar uchun bir xil huquqiy rejim joriy etish;
•    investorlar uchun huquqiy himoya choralarini qo‘llash;
•    kamsitish (diskriminatsiya)ga yo‘l qo‘ymaslik;
•    investitsiya kiritishda turli shakllardan foydalanish kabi davlat kafolatlari berish;
•    monopoliya vujudga kelishini oldini olish;
•    korrupsiya elementlarini yo‘q qilish va bular orqali shaffoflik va adolatlilik prinsiplarini tadbiq etish;
•    ma’naviy zararni qoplash va kompensatsiya.

“Qonun xalqaro amaliyotda keng foydalanib kelinayotgan investitsiya soliq krediti va investitsiya subsidiyalari, investitsiyalarni rag‘batlantirish, “investitsiya vizasi” tushunchalari bilan boyitildi.

Ushbu Qonunning yana bir ahamiyatli jihati, unda mahallliy davlat hokimiyati organlarining investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini tartibga solish bo‘yicha vakolatlari yanada kengaytirilgan”, deydi Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov.

Ushbu Qonun 12 ta bob va 69 ta moddadan iborat bo‘lib, uni ishlab chiqishda AQSH, Kanada, Rossiya, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi davlatlarning, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasi singari nufuzli xalqaro moliya institutlarining tajribasidan foydalanilgani qayd etildi. 

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

investor 25-yalpi majlis Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to'g'risida

Baholaganlar

4

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing