Samarqandda o‘qituvchining kaltaklab o‘ldirilishi tafsiloti ochiqlandi

Jamiyat

image

Avvalroq, Samarqandda maktab o‘qituvchisi kaltaklanishi oqibatida shifoxonada vafot etgani haqida xabar bergan edik.  Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti mazkur voqea tafsilotlarini ma’lum qildi.

Joriy yil 20 noyabr kuni taxminan soat 02:00 larda 28 yoshli fuqaro Izzatullo o‘zining 30 yoshli tanishi Maqsud bilan birgalikda Samarqand shahar Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan avtobus bekati oldidan o‘tib ketayotgan Asal ismli ayolga gap otishgan. Bu vaqtda Asalning yonida bo‘lgan 2 nafar erkak tanishlari ushbu holatga aralashib, ulardan biri Izzatulloning yuziga bir marotaba urgan. Asal esa yordamga tanishlarini chaqirgan.

Asalning chaqiruviga binoan jami 6 nafar shaxs kelgan. Ularning ichida 2 nafari ayol bo‘lgan. Shundan so‘ng, ular bir guruh bo‘lishib, shu kuni soat 03:40 larda Samarqand shahar Beruniy ko‘chasi 82-uy oldida Izzatulloning sherigi Maqsudni so‘kib haqoratlab, tanasini turli joylariga qo‘l-oyoqlari bilan urib-do‘pposlab tan jarohatlari yetkazishgan. 

Shundan so‘ng, 3 nafar ayol va 3 nafar erkak qo‘l-oyoqlari bilan Izzatulloning bosh qismi va tanasining turli sohalariga bir necha marotaba urib do‘pposlab, og‘ir tan jarohati yetkazishgan. 

Ko‘rilgan tezkor chora tadbirlar natijasida Izzatulloga nisbatan jinoyatni sodir etgan shaxslardan 3 nafari ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlangan. 

Tez tibbiy yordam shifoxonasining birlamchi ma’lumotnomasiga ko‘ra, Izzatulloga “bosh miya suyaklarini og‘ir sinishi” tashxisi qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan 20 noyabr kuni Samarqand shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Joriy yilning 23 noyabr kuni Izzatullo ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etgan va shu kuni uning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan hamda jinoyat ishi JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandiga qayta malakalangan. 

Dastlabki tergov jarayonida 3 nafar shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi va 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan ayb e’lon qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va qolgan 6 nafar gumon qilinuvchilarga nisbatan tegishli ehtiyot choralarini qo‘llash masalasi ko‘rilmoqda. 

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda va natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi. 

Aniqlanishicha marhum Izzatullo M. 2016 yil 6 iyun’ kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlab, 2016 yil 2 sentyabr kuni Samarqand shahridagi 42-sonli umumta’lim maktabiga rus tili fanidan o‘qituvchi bo‘lib ishga kirib, 2017 yil 25 sentyabr’ kuni ishdan bo‘shagan va Rossiyaga ishlash uchun ketib,  2018 yil avgust oyida qaytib kelgan. 

2018 yil 3 sentyabr kuni yana shu maktabga o‘qituvchi lavozimiga ishga qabul qilingan, hamda o‘quvchilarga rus tilida tarix fanidan dars berib kelgan. Joriy yilning 17 oktyabr kunidan buyon ishdan bo‘shashligi haqida maktab direktorini og‘zaki ogohlantirgan va maktabga ishga bormay, shu vaqt mobaynida Samarqand shahri Mirzo Ulug‘bek va Shoxrux ko‘chalari kesishuvchi chorrahasida somsa sotish bilan shug‘ullangan. 


Maqola muallifi

Teglar

qotillik o'qituvchi

Baholaganlar

251

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing