Husiylar yanglishib Rossiya neft tankeriga hujum qildi –“Reuters”

Olam

image

Yamandagi husiylar yanglishib, Panama bayrog‘i ostida Rossiya neftini olib ketayotgan tankerni nishonga oldi. Bu haqda Britaniyaning Ambrey xavfsizlik kompaniyasiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Unga ko‘ra, kema ommaviy ma’lumotlar bazasidan Buyuk Britaniya bilan bog‘langan tankerlar ro‘yxatiga tayangan, biroq bu ma’lumotlar allaqachon eskirganini bilmagan.

Buyuk Britaniya dengiz savdosi axborot markazi Yamanning Aden portidan 90 dengiz mili janubi-sharqida joylashgan tankerdan taxminan 500 metr uzoqlikda raketa qulagani haqida xabar olganini ma’lum qildi. Markaz bayonotiga ko‘ra,  qurbonlar yo‘q.

“Bu husiylar tomonidan yanglishib nishonga olingan Rossiya neftini olib ketayotgan ikkinchi tanker edi”, deyiladi Ambrey bayonotida. 

Biroq, kompaniya birinchi voqea tafsilotlarini ochiqlamagan.

AQSH Qo‘shma shtabi direktori general-leytenant Duglas Sims husiylarning Qizil dengiz tomon kemalarga qarshi otgan ballistik raketasi hech qanday kemaga tegmaganini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 yanvar kuni AQSH va Buyuk Britaniya Yamandagi 60 ta ob’ektga, jumladan radarlar, havo mudofaa tizimlari, omborlar, dron va raketalarni uchirish joylariga hujum qilgandi. Husiylar AQSH va Britaniyaning hujumi oqibatida besh askari halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

Britaniya va Amerika rasmiylarining aytishicha, bu hujum 2023 yil dekabr oyidan beri tez-tez uchragan Qizil dengizdagi xalqaro kemalarga qilingan hujumlarga javob bo‘lgan.
AQSH Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, Yamandagi zarba Qizil dengizdagi “misli ko‘rilmagan husiy hujumlari”ga javob bo‘lgan va mudofaa xarakteriga ega. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak ham  husiy pozitsiyalariga zarbalari o‘zini himoya qilish uchun qilingan, cheklangan va mutanosib harakat ekanini ta’kidladi.

Husiylar esa AQSH va Britaniya qo‘shinlarining Yamanga hujumi G‘arbning G‘azodagi vaziyatdan e’tiborni chalg‘itishga urinishi ekanini da’vo qildi. Ular bu zarbaga qaramay, Qizil dengizdagi Isroil bilan bog‘liq fuqarolik kemalariga hujum qilishda davom etishini bildirdi.

Rossiyaning talabi bilan AQSH va Buyuk Britaniyaning Yamandagi husiylarga tegishli ob’ektlarga hujumi yuzasidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining yig‘ilishi chaqirildi. Biroq unda husiylarga zarbalar berish qonuniy ekanini ta’kidlandi.

Bugun, 13 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan 3:45 da Amerika qo‘shinlari Yamandagi husiylarning radiolokatsion stansiyasiga hujum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya neft' Yaman husiylar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing