Husiylar Saudiyaning bir nechta ob’ektlarini bombaladi. Jarohatlanganlar soni 100 ga yaqin
Olam
−
11:06 722 2 daqiqa
Bugun, 8 sentyabr kuni Saudiya Arabistoniga Yamandagi Eron qo‘llab-quvvatlayotgan husiylar tomonidan uyushtirilgan hujumlar oqibatida kamida 73 kishi jarohatlandi. Bu haqda Yamandagi Saudiya boshchiligidagi koalitsiya xabar berdi.
Koalitsiya vakili polkovnik Turkiy al-Molikiy husiylarning Saudiyadagi fuqarolik va iqtisodiy ob’ektlarga hujumlarini xavfli deb atagan. U koalitsiya husiylarga qarshi qat’iy choralar ko‘rishini bildirgan.
“Koalitsiya ushbu terrorchi militsiyani tiyib turish va uning tajovuzkor harakatlariga qat’iyat bilan qarshi turish uchun barcha zarur operativ choralarni ko‘radi”, degan al-Molikiy.
Koalitsiya ma’lumotiga ko‘ra, husiylar Abha, Xamis-Mushayt, Jizon va Najron shaharlaridagi nishonlarga hujum qilgan.
Husiylar Yamanning aholi eng zich joylashgan hududlari va mamlakat shimolining katta qismini nazorat qiladi. Ular iyul oyida Saudiyaga qarshi dengiz blokadasi e’lon qilganidan beri Qizil dengizdagi Saudiyaga tegishli kemalarga ham hujumlar uyushtirib kelmoqda.
Kecha, 7 sentyabr kuni “Financial Times” gazetasi Aramco kompaniyasining Jizondagi neft ob’ektlari yangi hujumlardan zarar ko‘rgani va yetkazilgan zarar miqdori baholanayotganini xabar qilgandi. “Reuters” ushbu ma’lumotni mustaqil ravishda tasdiqlay olmagan, Aramco esa xabar yuzasidan izoh bermagan.
Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistoni dunyodagi eng yirik neft eksportchisi hamda amalda OPEK yetakchisi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Yamanning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan hukumati Eron bilan ittifoqchi husiylar joriy yilning 14 avgust kuni Qizil dengiz sohilidagi Moxa portiga 6 ta ballistik raketa otgani va kamida 4 nafar tinch aholi halok bo‘lganini ma’lum qilgandi.