Husiylar Saudiya poytaxtiga ikki ballistik raketa va dronlar uchirdi
Olam
−
15:52 1440 2 daqiqa
Yamandagi Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Eron qo‘llab-quvvatlaydigan husiylar tomonidan Riyod tomon uchirilgan ikki dronni ushlab qolganini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, koalitsiya bugun, 26 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan xabarlarida Saudiya Arabistoniga uchirilgan dronlar va raketa tahdidlarini kuzatayotganini bildirgan, biroq hodisa tafsilotlarini ochiqlamagan.
Koalitsiya ma’lumotiga ko‘ra, shuningdek, husiylar tomonidan uchirilgan ikki ballistik raketa ham ushlab qolingan. Raketalar Xamis-Mushayt shahri tomon yo‘naltirilgan, dronlar esa Saudiya poytaxti Riyod tomon uchirilgan.
Saudiya fuqaro muhofazasi xizmati tun davomida Xamis-Mushayt va Abha shaharlari uchun xavfsizlik ogohlantirishlarini yuborgan. Riyod uchun esa bunday ogohlantirish berilmagan.
Hodisadan bir necha soat oldin Saudiya Arabistoni, Pokiston va Turkiya harbiy rahbarlari Riyodda uchrashib, qirollikka tahdidlarni muhokama qilgan edi. Uch davlat joriy yil avgust oyida Makka qo‘shma mudofaa kelishuvini imzolagan. Unga ko‘ra, ishtirokchilardan biriga qurolli hujum boshqalariga ham qilingan hujum sifatida baholanadi.
Saudiya Mudofaa vaziri shahzoda Xolid bin Salmon bugun, 26 sentyabr kuni Pokiston armiyasi Bosh qo‘mondoni Asiym Munir bilan Riyodda uchrashganini va kelishuv doirasida qirollikka qarshi hujumlarga birgalikda qarshi turish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishni tasdiqlaganini ma’lum qilgan.
Saudiya Arabistoni hududi va unga qarashli ob’ektlarga hujumlar husiylar iyul oyida Riyodga qarshi dengiz blokadasini e’lon qilganidan keyin kuchaygan. Guruh Qizil dengizdagi Saudiya kemalariga ham zarbalar bergan.
“Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, husiylar hujumlari Saudiya shaharlari, energetika infratuzilmasi va dengiz qatnovlarini nishonga olmoqda. Bu hujumlar Eronga qarshi AQSH va Isroil urushi tufayli jahon neft ta’minotiga bosim kuchaygan bir paytda sodir bo‘lmoqda.
Husiylar hujumlari Qizil dengiz orqali Fors ko‘rfazi davlatlarining neft eksporti uchun asosiy muqobil yo‘nalishga ham xavf tug‘dirmoqda. Ayni paytda Hormuz bo‘g‘ozi orqali qatnovlar asosan to‘xtab qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonining Bosh diniy ulamosi mamlakat harbiylarini Eron qo‘llab-quvvatlayotgan husiylarga qarshi jangda jonini fido qilishga tayyor turishga chaqirgandi.
Live
Barchasi