Husiylar Qizil dengizda Isroilning ikki kemasiga hujum qildi
Olam
−
04 dekabr 2023
5818Kecha, 3 dekabr kuni Yamandagi husiylar Qizil dengizdagi Bab al-Mandeb bo‘g‘ozida Isroilning ikki kemasiga hujum qildi. Bu haqda husiylarning harbiy voizi Yahyo Sari X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Sarining bayonotida hujum nishonlari Isroilning Unity Explorer va Number Nine nomli ikkita kemasi bo‘lgani qayd etilgan. Kemalardan biri uchuvchisiz uchish apparati, ikkinchisi esa dengiz raketasi bilan urilgan.
Bildirilishicha, zarbalar Isroilning blokadadagi G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlariga javoban amalga oshirilgan.
LSEG ma’lumotlariga ko‘ra, Unity Explorer Bagama orollari bayrog‘i ostidagi ommaviy yuk tashuvchi kema bo‘lib, u Londonda joylashgan Dao Shipping Ltd tomonidan boshqariladi. Kema Singapurga 15 dekabr kuni yetib borishi kerak edi. Isroil ommaviy axborot vositalarining xabar qilishicha, kemada isroillik milliarder Avraam "Rami" Ungarning o‘g‘li Dan David Ungar bo‘lgan.
Ikkinchi kema esa Panama bayrog‘i ostida Suvaysh portiga yo‘l olgan Number Nine kemasi bo‘lib, u Buyuk Britaniyaning Nyukasl-apon-Tayn shahridagi Bernhard Shulte Shipmanagement tomonidan boshqariladi.
Isroil armiyasi Qizil dengizda ikkita yuk kemasi zarar ko‘rganini ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, Yamandan zarbaga uchragan kemalardan biri jiddiy shikastlangan, ikkinchisi kichik zarar ko‘rgan.
Eslatib o‘tamiz, 19 noyabr kuni Eronga aloqador deb ko‘riladigan Yamandagi husiylar Qizil dengizda Isroil kemalariga hujum qilish bilan tahdid qilgandi. Keyinroq ular Adan ko‘rfazi suvlarida bortida 22 ekipaj a’zosi bo‘lgan “Galaxy Leader” yuk kemasini egallab olgandi. Keyinchalik, Hind okeanida isroillik milliarderga tegishli konteyner kemasiga Eronning uchuvchisiz samolyoti hujum qildi. Keyinchalik husiylar Isroilning Zodiac Maritime kompaniyasiga tegishli bo‘lgan Central Park tankeriga yordamga kelgan AQSH harbiy-dengiz kuchlarining USS Mason esminetsi tomon ikki ballistik raketa uchirgandi.