Husiylar Arab dengizida AQSH kemasiga qarata ballistik raketa uchirdi
Olam
−
19 yanvar
8337Arab dengizidagi Adan ko‘rfazida husiylar Amerika kompaniyasiga qarashli Chem Ranger tankeriga ikkita ballistik raketa uchirdi. Bu haqda bugun, 19 yanvar kuni erta tongda AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qildi.
"Ekipaj raketalarning kema yonidagi suvga urilganini ko‘rdi. Jarohatlanganlar va kemaga zarar yetgani haqida xabar yo‘q. Kema harakatda davom etdi", deyiladi CENTCOM bayonotida.
Qayd etilishicha, voqea 18 yanvar kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Chem Ranger tankeri Marshall orollari bayrog‘i ostida suzgan va uni yunon kompaniyasi boshqargan.
Ma’lumot uchun, AQSH Markaziy qo‘mondonligi 17 yanvar kuni "navigatsiya erkinligini himoya qilish va Qizil dengizdagi AQSH va hamkor kemalarga hujumlarning oldini olish bo‘yicha davom etayotgan ko‘p millatli sa’y-harakatlar" kontekstida Yamanda husiylar nazorat qilinadigan hududda joylashgan 14 ta raketani yo‘q qilganini e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH husiylar harakatini terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgandi. Bunga husiylarning Qizil dengizdagi kemalarga hujumlari sabab bo‘layotgani aytilgandi. Husiylar esa AQSHning Yaman hududidagi ularning ob’ektlariga qaramay Isroilga aloqador kemalarga hujum qilishda davom etishini e’lon qilgan.
LiveBarchasi