Husiylar Amerika harbiy kemasi tomon raketa uchirdi

Olam

image

Kecha, 14 yanvar kuni Yamandagi husiylar nazorati ostidagi hududdan AQSH harbiy-dengiz kuchlari esminetsiga qarata qanotli raketa uchirildi. AQSH qiruvchi samolyoti uni urib tushirdi. Bu haqda bugun, 15 yanvar kuni AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) xabar berdi.

“14 yanvar kuni taxminan soat 16.45 da (Yaman poytaxti Sana vaqti bilan) Yamanning Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan husiy hududlaridan Qizil dengiz janubida harakatlanayotgan USS Laboon (DDG58) esminetsiga kemaga qarshi qanotli raketa uchirildi. Raketa Xodeyda qirg‘oqlari yaqinida urib tushirildi”, deyiladi CENTCOM xabarida.

Vayronagarchilik va jabrlanganlar haqida ma’lumotlar yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, 12 yanvarga o‘tar kechasi Qo‘shma Shtatlar va Buyuk Britaniya Niderlandiya, Kanada, Avstraliya va Bahrayn ko‘magida Yamandagi husiy nishonlariga yirik zarbalar bergandi. Pentagon radar qurilmalari, omborlar hamda uchuvchisiz samolyotlar va raketalar uchun uchirish maydonchalari, shuningdek, husiy qo‘mondonlik markazlari nishonga olinganini ma’lum qildi.

Bir kun o‘tib, Yamandagi husiy pozitsiyalari AQSHning yangi hujumi nishoniga aylandi. Pentagonning aniqlik kiritishicha, nishon husiylar tomonidan foydalanilgan radar qurilmasi bo‘lgan. Zarba Tomohawk qanotli raketalari tomonidan amalga oshirilgan. Pentagon bu safar husiylarning dengiz kemalariga hujum qilish qobiliyatini kamaytirishni maqsad qilganini bildirgan.

AQSH Prezidenti Jo Bayden agar husiylar Qizil dengizdagi kemalarga hujumlarini to‘xtatmasa, yana zarbalar berishni buyurishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Husiylar esa AQSH va Britaniya qo‘shinlarining Yamanga hujumi G‘arbning G‘azodagi vaziyatdan e’tiborni chalg‘itishga urinishi ekanini da’vo qildi. Ular bu zarbaga qaramay, Qizil dengizdagi Isroil bilan bog‘liq fuqarolik kemalariga hujum qilishda davom etishini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Yaman husiylar Qizil dengiz USS Laboon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing