Bugun kuchli 24 jamoa aniqlanadi. Husanovni YeCHL pley-off bosqichida ko‘ramizmi?

Sport

image

Yevropa Chempionlar ligasi o‘zining qizg‘in pallasiga kirib ulgurmay, bir qancha katta klublar nimchorak finalsiz qolish xavfi ostida. Ular orasida “Manchester Siti” va PSJ kabi jamoalar bor. 30 yanvarga o‘tar kechasi Chempionlar ligasida kuchli 24 klub aniq bo‘ladigan kun. 

“Manchester Siti” “Bryugge”ni mag‘lub etsagina Husanovni keyingi bosqichda ham ko‘ramiz

Avvalo, “shaharliklar”ning Chempionlar ligasidagi natijalari, egallab turgan o‘rniga bir qur nazar tashlasak. Gvardiola shogirdlarining bu mavsum Chempionlar ligasidagi natijalari avvalgidek emas. Klub 7 turda 2 g‘alaba, 2 durang va 5 mag‘lubiyat bilan 8 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida 25-o‘rinni qayd etib kelmoqda. Jamoa 30 yanvarga o‘tar kechasi o‘z uyida “Bryugge”ni qabul qiladi. Kulgili tuyulishi mumkin, ammo “Manchester Siti” uchun bu kuchli 24 likka kirishga so‘nggi imkoniyat. Agar jamoa durang yoki mag‘lubiyat qayd etadigan bo‘lsa, yurishini shu yerdayoq yakunlaydi. Bu esa klub tarixidagi Chempionlar ligasida eng yomon natijaga aylanadi. Endi o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanovning maydonga tushish tushmasligiga to‘xtalsak. UEFA qoidalariga ko‘ra, Husanov klubning turnir uchun qaydnomasiga pley-off bosqichidan kiradi. Agar “Manchester Siti” bugun g‘alaba qozonmasa, Chempionlar ligasi bitta katta klubdan ayriladi va yangi futbolchilar orasida Abduqodir Husanovni ushbu turnirdagi o‘yinlarini ko‘ra olmaymiz. Shuning uchun bugungi bahs “shaharliklar” uchun hayot-mamot jangi bo‘ladi. Jamoani faqatgina g‘alaba qanoatlantiradi.

Parij klubi ham autsayderlar zonasida 

PSJ ham “Manchester Siti” kabi bu mavsumni muvaffaqiyatsiz o‘tkazmoqda. Jamoa 7 turdan keyin 3 g‘alaba 1 durang va 3 mag‘lubiyat bilan 10 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida 22-o‘rinni qayd etib kelmoqda. Ha, jamoa hozircha, kuchli 24 jamoa orasida bor. Ammo parijliklar bugun mehmonda “Shtuttgart”ga mag‘lub bo‘ladigan bo‘lsa, o‘zidan keyingi raqiblarini o‘tkazib yuboradi va nimchorak finaldan quruq qoladi. Qizig‘i shundaki, nemis klubi ayni damda kuchli 24 likni yakunlab turibdi. Albatta, “Shtuttgart” ham keyingi bosqich uchun borini berib o‘ynaydi. 30 yanvarga o‘tar kechasi ikki klubdan biri nimchorak finaldan quruq qoladi.

Chorak finalga chiqadigan 8 jamoa ham aniqlanadi

Chempionlar ligasi yangi formatida Arne Slot boshchiligidagi “Liverpul” 7 turdan keyin 100 foizlik natija ko‘rsatib, peshqadamlik qilmoqda va chorak finalga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l olmoqda. “Barselona”, “Arsenal”, “Inter”, “Atletiko”, “Milan” va “Bayer” ayni damga kelib, kuchli 8 likni tashkil etmoqda. Bugun mazkur jamoalar ham o‘z o‘yinlarini o‘tkazadi va natijalardan keyin kim qaysi o‘rinda keyingi bosqichga o‘tishini bilib oladi. Qayd etish kerakki, barcha o‘yinlar bir vaqtda ya’ni 00:55 da start oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Manchester Siti PSJ Liverpul' Abduqodir Husanov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing