Hukumatning yana bir qarori kuchga kirmasdan o‘zgartiriladi...mi?
Jamiyat
−
25 iyun 2019
8429Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yilning 1 dekabrdagi qarori bilan joriy yil 1 iyuldan YPX xodimida videokamera bo‘lishi shartligi, mobil videokamerasi bo‘lmagan YPX xodimiga haydovchi hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga egaligi haqida xabar bergan edik.
Aftidan, YPX xodimlari mobil kameralar bilan ishlashiga tayyormas ko‘rinadi. Yo‘qsa, Ichki ishlar vazirligi yuqorida aytilgan qarorga o‘zgartish kiritish bo‘yicha yangi qaror loyihasini ishlab chiqmagan bo‘lardi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida IIV tomonidan ishlab chiqilgan Hukumat qarori muhokamaga qo‘yildi. Qaror bilan YPX xodimida videokamera bo‘lishi shartligini 1 iyuldan 2020 yil 1 yanvarga ko‘chirish belgilangan.
Shuningdek, haydovchilar YPX xodimi bilan o‘zaro munosabatini o‘ziga tegishli audio, foto va videolarni Internet jahon axborot tarmog‘iga o‘zining ruxsatisiz tarqatishi mumkin emasligi to‘g‘risida band kiritilyapti.
Bu qaror loyihasidan bitta xulosaga kelish mumkin, IIV o‘z xodimlarining tartibi, qonunga to‘la amal qilib, halol ishlashini kafolatlay olmaydi. Eng yomoni shuki, kafolatlay olmagani yetmaganidek, ularni Hukumat qarori bilan himoya qilishga urinyapti. YPX xodimining roziligisiz internetga joylashi mumkin emasmish...
Qaror loyihasi joriy yil 29 iyungacha muhokama qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, oxirgi vaqtlarda Ijro etuvchi hokimiyatning qarorlariga yo ishga tushmasidan, yo ishga tushgandan biroz o‘tib, o‘zgartirishlar kiritilyapti. Bunga avtomobil chiroqlarini yoqib yurish shartligi va majburiy maktab formalari to‘g‘risidagi qarorlarga kiritilgan o‘zgartirishlarni misol qilib ko‘rsatish mumkin. "Fara"larni yoqib yurish majburiyati haydovchilardan olib, avtomobil ishlab chiqaruvchilarga yuklandi, majburiy maktab formasi esa 2024 yilga kechiktirildi.
LiveBarchasi