Hukumatlarining harakatlari uchun elchilar javob berdi

Olam

image

AQSH, Buyuk Britaniya va Kanada elchilari Rossiya ichki ishlariga aralashganlik va diplomatik maqomga to‘g‘ri kelmaydigan faoliyat vaji bilan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Bu haqda bugun, 18 aprel kuni TACC xabar berdi.

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaga ko‘ra, Buyuk Britaniya, AQSH va Kanada elchilari muxolifatchi siyosatchi Vladimir Kara-Murzaga nisbatan hukm e’lon qilinganidan keyin uni ozod qilishni so‘rab tarqatgan bayonotlari bilan Rossiya ichki ishlariga bevosita aralashgan hisoblanadi.

Zaxarova Moskva Buyuk Britaniya elchisi Debora Bronnertning Kara-Murza hukmidan keyin aytgan bayonotlarini nomaqbul deb bilishini ta’kidlagan va Londonni xalqaro inson huquqlari masalalarini siyosiylashtirishdan ogohlantirgan. Shuningdek, u AQSH va Kanada elchilarining Kara-Murzani ozod qilish talablarini “bema’nilikning cho‘qqisi” deb atab, ayni paytda ularning vatanlarida inson huquqlari uyatsiz poymol qilinayotgani va dissidentlar ta’qibda ekanini aytgan.

“Britaniya Tashqi ishlar vazirligi davlatga xiyonatda ayblanib, 25 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Vladimir Kara-Murzaga konsullik xizmatini talab qildi va sud tarkibiga qarshi sanksiyalar bilan tahdid qildi. Shunda mening tushunishim bo‘yicha, Dauning-strit tomonidan sudyalarga bevosita tahdid qilingan. Britaniya TIV bir necha yil o‘tgach, Rossiyaning Skripal bilan uchrashish iltimosini eslab qoldimi?”, deb yozgan Mariya Zaxarova Telegram-kanalida.

Ma’lumot uchun, Sergey Skripal Sovet, Rossiya va Britaniya harbiy razvedkachisi hisoblanadi. U 2006 yilda Rossiyada Britaniya maxsus xizmatlari foydasiga josuslik qilib, davlatga xiyonatda ayblangan va harbiy unvonidan mahrum etilgan. Rossiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida afv etilgan va qamoqqa olingan ayg‘oqchilar almashilganidan so‘ng, Britaniyada yashay boshlagan. 2018 yilning 4 martida Skripal va uning qizi Yuliya Novichok qasddan zaharlangan. Britaniya hukumati zaharlanishda Rossiya maxsus xizmatlarini ayblagan. Rossiya rahbariyati esa barcha ayblovlarni rad etgan. Zaharlanish katta xalqaro janjalga sabab bo‘lib, 30 dan ortiq davlat va tashkilotlar rossiyalik diplomatlarni chiqarib yuborgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 17 aprel kuni Rossiyada muxolifatchi siyosatchi Vladimir Kara-Murza davlatga xiyonat qilish, Rossiya armiyasi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish va nomaqbul tashkilotga rahbarlik qilishda ayblanib, 25 yilga qattiq rejimli koloniyaga hukm qilingandi. Mazkur hukmdan so‘ng Londondagi Rossiya elchisi Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Britaniya Kara-Murza

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing