Hukumatdagi ikki amaldor ishdan olingani rasman tasdiqlandi
Jamiyat
−
05 noyabr 2021
11004O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov o‘z lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, hukumat qarori bilan Bosh vazir maslahatchisi − IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov lavozimidan ozod qilindi.
Ushbu ikki amaldor O‘zbekistonda Moy Mir, Odnoklassniki, Youtube, Facebook, Telegram, Instagram va Linkedn kabi messenjer va ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi ortidan iste’foga chiqarildi.
Shuhrat Sodiqov bungacha O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori vazifasida ishlagan. Shuningdek, 2010 yildan 2017 yilgacha esa Vazirlar Mahkamasining axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamentiga mudirlik qilgan.
Olimjon Umarov 2017-2020 yillarda AKT vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2020 yil mayida O‘zbekiston Bosh vazirining maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Shuhrat Sodiqov va Olimjon Umarov iste’foga chiqarilgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr