Hukumat, parlament so‘z va matbuot erkinligini ta’minlashni asosiy burchi deb bilishi kerak – Safoyev

Jamiyat

image

“O‘zbekistondagi jarayonlar ortga qaytmaydigan tus olmoqda. Birinchi navbatda Hukumat, parlament, fuqarolik jamiyati so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, OAV huquq va imtiyozlarini kafolatlashni o‘zining asosiy burchi va vazifasi deb bilishi kerak”. Bu haqda bugun, 3 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klubning davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev gapirdi. 

Sodiq Safoyev matbuot va so‘z erkinligi haqida nut qilarkan, buning ortida, eng muhimi, davlat rahbarining siyosiy irodasi turganini urg‘uladi. 

“Buning uchun, eng muhimi, davlat rahbarining siyosiy irodasi bor. Boshidan Prezidentimiz bizning bugungi siyosatimizni amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari va ularning yangi shakllari – blogerlar haqida nihoyatda muhim fikrlarni ilgari surganlar”, deydi Sodiq Safoyev. 

Davra suhbatida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 1 oktyabr – o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan marosimdagi nutqidan lavha efirga uzatildi. 

“O‘zbekiston ochiq hozir. Endi oldingidek chegaralarni yopmaymiz, internet yopilmaydi. OAVga yana bir bor minnatdorlik bildirmoqchiman. Ular bilan muloqot qilmagan rahbarlarning kelajagi bo‘lmaydi. Katta sinovlardan o‘tyapmiz. Ayrimlar OAVning savollariga, OAV muhitini yaratishga chidamayapti. Adolat ovozini eshitishni xohlamayapti. Lekin majbur bo‘ladi yoki xayrlashamiz”, degan edi Prezident. 

Sodiq Safoyev Prezident nutqidan keltirilgan iqtibosga “menimcha, bu muhim “message”. Ya’ni davlatimizning aniq siyosatini ko‘rsatmoqda”, deya munosabat bildirdi. 

Uning qayd etishicha, O‘zbekistonda o‘tgan yillarda inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha olib borilgan ishlar bois xalq o‘z g‘ururini anglay boshlagan. Hatto, bugungi blogerlar va ommaviy axborot vositalarining qadam olishi, xatti-harakatlari ham ana shu g‘ururni ko‘rsatmoqda. 

“Shu borada O‘zbekiston yangi dunyoda obro‘ orttirdi. Va bunga erishishda ommaviy axborot vositalarining roli nihoyatda katta bo‘ldi. Axborotdan foydalanishda huquqni ta’minlash, milliy axborot makonida fikrlar xilma-xilligini barpo etish va rivojlantirish bir tarafdan inson huquqlariga oid masala va ayni paytda milliy xavfsizlikning manbalaridan biri hisoblanadi. Shunday ibora bor: so‘z erkinligi – inson huquqlarining boshqa turlari uchun poydevor, zamin”, deydi Safoyev. 

Ma’lumot o‘rnida, bugun o‘tgan davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari – Inson huquqlari Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jayev, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Mak-Gregor, BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Helena Freyzer ham ishtirok etdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Sodiq Safoev So'z va matbuot erkinligi

Baholaganlar

7

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing