Hukumat paqildoqlar muomalasiga oid qaror imzolashi kutilyapti
Jamiyat
−
18 yanvar 2021
6863Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika buyumlari muomalasi sohasida davlat nazoratini kuchaytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
Loyihaga ko‘ra, shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
• maishiy pirotexnika buyumlarining (xavflilikning I – II klasslari) yakka tartibda foydalanish maqsadida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan erkin olib kirilishi, sotib olinishi, tashilishi, saqlanishi va foydalanilishi taqiqlanadi, xlopushkalar va bengal mushaklari bundan mustasno;
• texnik va maxsus maqsaddagi pirotexnika buyumlari (xavflilikning III – V klasslari) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq tashkil etiladigan ommaviy tadbirlarni o‘tkazish jarayonida Ichki ishlar vazirligining taqdimnomasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida belgilangan miqdorlarda tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilishiga va ulardan foydalanilishiga ruxsat beriladi, sanoat maqsadida foydalaniladigan pirotexnika buyumlari bundan mustasno.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
• Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda pirotexnika buyumlarini noqonuniy olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish va ulardan foydalanish holatlarini aniqlash va ularga barham berish, shuningdek, aybdor shaxslarni qonunda belgilangan javobgarlikka tortish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshiradi;
• bir oy muddatda texnik va maxsus maqsaddagi pirotexnika buyumlarini (xavflilikning III – V klasslari) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq tashkil etiladigan ommaviy tadbirlarni o‘tkazish jarayonida O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish va ulardan foydalanishga ruxsat berish tartibini ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Shuningdek, “Pirotexnika buyumlarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizatsiya qilish, ulardan foydalanish, ularni yo‘q qilish va utilizatsiya qilish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risida”gi nizomga ham o‘zgartirish kiritish ko‘zda tutilgan.
Unga ko‘ra, quyidagilar bo‘yicha faoliyat litsenziyalanadi:
• xlopushkalar va bengal mushaklarini, shuningdek, texnik va maxsus maqsaddagi pirotexnika buyumlarini (keyingi o‘rinlarda - pirotexnika buyumlari) yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizatsiya qilish, ulardan foydalanish, ularni yo‘q qilish va utilizatsiya qilish;
• texnik va maxsus maqsaddagi pirotexnika buyumlaridan foydalanish (xavflilikning III - V klasslari.
Loyiha 29 yanvarga qadar muhokama qilinadi. Bu vaqtda unga o‘zgartirish kiritilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
LiveBarchasi