Hukumat xalqni o‘ylamaydimi? “Tonirovka” bergan quvonchni registratsiya tortib oldi
Tahlil
−
05 aprel
27160Monopoliya changalidan asta-sekin xalos bo‘layotgan, “tonirovka” orzusiga yaqindagina yetishgan o‘zbekistonliklar endi “avtoregistratsiya qopqoni”ga tushdi. O‘zbekistonda 1 apreldan avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlar 68 baravarga oshirildi. Aprelgacha bu to‘lov 34 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, endilikda odamlar ushbu xizmat uchun 2 million 320 ming so‘m to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.
Bundan avvalroq yashil energiyada harakatlanuvchi mashinalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda imtiyoz berilishi ma’lum qilingan edi. Lekin, elektromobillar va mototransport vositalari uchun ham stavka 15 baravarga oshirilib, 510 ming so‘m etib belgilandi.
Tegishli hujjat Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning buyrug‘i bilan to‘satdan, to‘lov miqdori oshirilishidan bir kun oldin, 31 mart – dam olish kuni (!) qabul qilingan. Hujjat na jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi va na uni amalga oshirish uchun muddat belgilandi.
Avtomobilni hujjatlashtirish qanchaga tushyapti?
“UzAutoMotors”ning yilda bir marta ochiladigan shartnomasini amallab oldingiz, pulini oldindan to‘lab, uzundan uzoq navbat kutib, mashinani zavoddan olib chiqdingiz ham deylik, endi uni shundayligicha haydab ketolmaysiz. Ballon almashtirish, g‘ilof qo‘ydirish, “metan” yoki “propan” o‘rnatish kabi boshog‘riqlar bilan bir qatorda sizni kamida 6 million so‘mlik rasmiyatchilik xarajatlari ham kutib turibdi.
Nega xat-hujjat qildirish bunchalik qimmat, dersiz. Gap shundaki, o‘tgan yilning 1 noyabridan davlat raqami belgilarini berishda undiriladigan to‘lovlar miqdori ham 3,5 baravargacha oshirilib, 1,15 mln so‘m qilib belgilangan.
Yangi avtomobil sotib olgan fuqaro uni o‘z nomiga rasmiylashtirish uchun 2 mln 325 ming so‘m, davlat raqami olish uchun 1 mln 155 ming so‘m, “texpasport” uchun 230 ming so‘m to‘laydi. Bundan tashqari, majburiy avtosug‘urta xarajatlari bozordagi narxga va taklif etilayotgan imkoniyatlarga qarab 50 ming so‘mdan 500 ming so‘mgachani tashkil qiladi. O‘rtacha hisobda sug‘urta xarajatlarini 100 ming so‘m, deb oladigan bo‘lsak hammasi bo‘lib to‘lovlar 4 mln 310 ming so‘mni tashkil etadi.
Agar mashina oldi-sotdi yoki hadya qilinsa, fuqaro notarial tasdiqlash uchun o‘rtacha 2 mln so‘m xizmat haqi to‘lashi kerak. Ishonchnoma (doverennost) uchun davlat boji 540 ming so‘m (xizmat haqidan tashqari). Shunday qilib, rasmiyatchilik xarajatlari qariyb 7 mln so‘mga yaqinlashib qoladi.
Yo‘lovchi va yuk tashuvchi mashinalarni hujjatlashtirish bilan bog‘liq xarajatlar bundan ham qimmatroqqa tushadi. Qo‘shimchasiga, 1 apreldan boshlab og‘irligi 10 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha bo‘lgan miqdorda (1,7 million so‘mdan 3,4 million so‘mgacha) yo‘l yig‘imi joriy etilgan.
“Doverennost” usuliga qaytiladimi?
2018 yilgacha avtomobil vositalari oldi-sotdisini notarial tasdiqlash uchun davlat boji o‘rtacha hisobda 2,5 million so‘mni tashkil etardi. Ishonchnoma xarajatlari nisbatan arzonligi tufayli odamlar mashinani sotib olsa-da, uni o‘z nomiga rasmiylashtirmasdan, ishonchnoma asosida foydalanib yurishga majbur bo‘lgan. Bu esa, o‘z-o‘zidan, fuqarolar manfaati va egalik huquqiga putur yetkazgan. Egalik huquqi borasida kelisholmay qarindoshlari, do‘st-u birodarlari bilan yuz-ko‘rmas bo‘lib ketgan odamlar ham bor.
Avtomobilni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish narxi oshirilishiga munosabat bildirgan jamoatchilik yana eski tizimga qaytilayotganidan xavotirga tushgan. Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlarga ko‘ra, odamlar pul tejash maqsadida yana “doverennost” asosida mashina haydaydi va vaqti kelib, egalik huquqi bo‘yicha muammolar paydo bo‘ladi. Chunki hozir ishonchnoma shartlari anchagina osonlashgan. Yaqin qarindoshlar uchun “doverennost” so‘ralmaydi.
Xorijda to‘lov qancha?
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarda avtomobilni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish narxi taqqoslangan jadval keng muhokama qilinmoqda. Unda O‘zbekiston o‘rtacha ish haqi eng kam, avtomobil registratsiyasi narxi eng baland davlat ekanini ko‘rish mumkin.
O‘rtacha oylik maoshi 7439 dollarni tashkil etuvchi Shveysariyada avtomobillarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish narxi 52 dollarga teng. Angliyada 69 dollar, Germaniya va Kanadada 32 dollar to‘lanadi.
Markaziy Osiyo respublikalari ichida ham eng qimmat registratsiya to‘lovi O‘zbekistonda. Masalan, Qozog‘istonda bu to‘lov 923 tenge (26 ming so‘m)ni, Qirg‘izistonda 498 som (70 ming so‘m. 2021 yildan) tashkil etadi. Tojikistonda to‘lov miqdori 210 somoniy – 242,5 ming so‘mga teng. Turkmaniston esa bunday ma’lumotni ochiqlamagan.
“Hukumat xalqni o‘ylamaydimi?”
QALAMPIR.UZ sayti jurnalistining avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi qanday sabab asosida oshirildi, degan savoliga IIV matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov javob berishni istamadi.
“Hozircha bizda bu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot yo‘q. Agar qo‘shimcha ma’lumot paydo bo‘lsa, rasmiy sahifamizda ma’lum qilamiz”, deydi IIV matbuot kotibi.
Vazirlik xalqqa hisob berishni lozim deb topmaganidan keyin, odamlarning o‘zi sabablarni muhokama qila boshladi. Registratsiya to‘lovlarini oshirish orqali 2024 yilning qolgan davrida byudjetga 3 trillion so‘m mablag‘ tushishi kutilyapti. Ichki ishlar xodimlari QALAMPIR.UZ’ga bergan ma’lumotga ko‘ra, to‘lovlar 100 foiz davlat byudjetiga yo‘naltiriladi. Demak, hukumat yildan yilga ortib borayotgan byudjet taqchilligini xalqdan undiriladigan to‘lovlar hisobidan qoplamoqchi bo‘lgan ko‘rinadi.
“Byudjet defitsiti oshganda biznikilar beburd, samarasiz xarajatlarimizni qisqartiraylik, demaydi. Qayerdan pul olsak, kimdan olsak bo‘ladi, degan mantiqda ish tutishadi. 3 oyda 20 trillion so‘mdan oshgan defitsitni kimdir yopishi kerak”, deydi iqtisodchi Otabek Bakirov.
O‘tgan yili “tonirovka” ruxsatnomasi uchun to‘lov miqdori pasaytirilganda, undan avval mashinalarni ro‘yxatdan o‘tkazish stavkasi tushirilganda o‘zbekistonliklar buni chinakamiga bayram qilib yuborgan edi. Bu quvonchga erishish uchun jamoatchilik yillar davomida kurashgan bo‘lsa, uni yo‘qqa chiqarish uchun vazirga bir kungina vaqt kerak bo‘ldi.
Sobiq deputat, Ekologiya vazirining maslahatchisi Rasul Kusherboyev registratsiya to‘lovining oshirilishi aholi uchun noqulayliklar keltirib chiqarishini bildirar ekan, uni qabul qilishda jamoatchilik fikri e’tiborga olinmaganini tanqid qildi.
“1 apreldan kuchga kiradigan hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmay, 31 mart – dam olish kunida qabul qilinyapti. Hech kimning bundan xabari yo‘q. Eng qizig‘i, Nima bilan asoslanadi? – degan savol. Mashinalarni rasmiylashtirish uchun ketadigan xarajatlar oshib ketdimi yoki oltin suvi yurgizilgan qog‘ozlarda endi odamlarga (hujjat – tahr.) chiqarib berilyaptimi? Buni asoslash kerak-ku axir. Hech qanaqa asoslash yo‘q. Shunchaki oshirildi-qo‘ydi”, deydi Kusherboyev.
Yana ba’zi taxminlarga ko‘ra, ushbu qarordan maqsad – ekologiyaga yetkazilayotgan talafotlarning oldini olish. Agar mashinalar atmosferaga zaharli moddalar chiqarayotganidan qo‘rqishsa, nega ishni benzinda harakatlanadigan avtomobillar ishlab chiqaruvchi “UzAutoMotors” zavodini yopib, elektromobillar ishlab chiqarishdan boshlashmaydi? Nega asosiy zaharlovchi – issiqlik elektrostansiyalari faoliyatini tugatib, shamol elektrostansiyalari qurishmaydi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov o‘tgan yili xususiy transport hamma uchun va xohlagan paytida erisha oladigan masala bo‘lmasligi kerakligini aytgan edi. Soliq to‘lovchilarning pullariga xarid qilingan va oynalari qoraytirilgan, qishda issiq, yozda esa salqin xizmat mashinasida yurib, oddiy aholining avtomobildan foydalanishini qiyinlashtirish taklifini berish qanchalar oson!
Yilda bir marta o‘tkazilgan “avtomobilsiz kun” aksiyasida na jamoat transportidan foydalanishga undagan Alisher Qodirovning, na registratsiya to‘lovlarini oshirishga buyruq bergan Po‘lat Bobojonovning avtobus yoki metroda ishga borganini ko‘rdik. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: ko‘chalar faqat amaldorlar mashinasi yurishi uchun qurilganmi?
O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi”. Xo‘sh, bu qaror xalq manfaatlariga xizmat qiladimi yoki hukumat tepasida o‘tirgan, davlat byudjetini xohlaganicha sarflayotgan bir guruh odamlar manfaatigami?
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr