Hukumat qarori bilan OTMga imtihonsiz qabul qilinuvchilar ro‘yxati tasdiqlandi
Jamiyat
−
29 aprel 2019
23984O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori”ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, turk tilini chet tili sifatida o‘qigan abituriyentlar ham mazkur tildan ko‘p balli baho tizimi bo‘yicha imtihon topshiradilar. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.
Endilikda oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishda 086-U-shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma talab qilinmaydi.
Quyidagilar oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat grantlari asosida imtihonsiz o‘qishga qabul qilinuvchilar qatoriga kiritildi:
• Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab-internatni a’lo baholarga bitirgan bitiruvchilar bakalavriatning xorijiy til va adabiyot, filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishlariga;
• har bir harbiy qismdan bittadan yosh harbiy xizmatchi, qism qo‘mondonligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tavsiyanomasiga asosan.
Shuningdek, kiritilgan qo‘shimchalar bilan sirtqi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilish tartibi belgilandi.
Sirtqi ta’limga hujjatlar 1 iyuldan 30 iyulgacha qabul qilinadi.
Kirish imtihonlari 16 avgustdan 25 avgustgacha kamida 3 ta fandan o‘tkaziladi.
Yozma imtihonlar shifrlangan holda tekshiriladi.
Imtihonlar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga muvofiq keluvchi 3 ta fandan to‘planishi kerak bo‘lgan maksimal 189,0 balldan, har bir fanning o‘rniga qarab uning uchun ajratilgan eng ko‘p ballning 0 dan 100 foizgacha bo‘lgan oraliqda baholanadi.
Natijalar imtihondan keyin 1-3 kunda ta’lim muassasasining rasmiy saytida e’lon qilinadi.
LiveBarchasi