Hukumat ilk bor davlat dasturi ijrosi bo‘yicha deputatlarga hisobot berdi

Jamiyat

image

Bugun, 18 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ilk bor Vazirlar Mahkamasining 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2019 yil birinchi choragida bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Oliy Majlisga Hukumat hisobotni Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov taqdim etdi.

Qayd etilishicha, Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini izchil amalga oshirish barorida Vazirlar Mahkamasining tashkiliy jihatdan qayta ko‘rib chiqilib, faoliyati yangi mazmun bilan boyitilgani, yirik xo‘jalik boshqaruv sub’ektlarida korporativ boshqaruvning zamonaviy usullari joriy etilgani Hukumat tomonidan Davlat dasturining birinchi chorak uchun belgilangan ustuvor vazifalarini o‘z vaqtida, sifatli ijro etilishini ta’minlashda muhim omil bo‘ldi.

Shundan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan Davlat dasturining bajarilishida bir qator jihatlarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, davlat rahbarining 2019 yil 17 yanvardagi Farmoni bilan belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni sifatli, samarali amalga oshirish, hisobot davrida makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy-ijtimoiy sohaning bardavom rivojlanishini ta’minlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, jozibador investitsiya muhitini yaratish, respublika hududlarining ijtimoiy rivojlanish darajasini yuksaltirish, mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralarni ko‘rishga ustuvor ahamiyat berildi.

Shu davr ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarida davlat byudjetining daromadlarini shakllantirish va xarajatlari hamda byudjet taqchilligi mo‘’tadilligini ta’minlash katta ahamiyat kasb etdi. Mamlakatda amalga oshirilgan izchil tashqi savdo siyosati tufayli eksport hajmi hamda jami tashqi savdo aylanmasining ortishiga erishildi.

Qayd etilishicha, Respublikada investitsiyalarning o‘zlashtirilishi jadallashtirilgan. Bunda davlat rahbari tomonidan tasdiqlangan Investitsiya dasturi alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Xorijiy investitsiyalar ishtirokida moliyalashtirishning sezilarli o‘sishi ta’minlanib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 barobarni tashkil etdi.

Amalga oshirilayotgan bunyodkorliklar orasida aholiga transport xizmatini ko‘rsatish, uy-joy, ichimlik suv bilan ta’minlash ishlari alohida ahamiyat kasb etib, sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.

O‘tgan davrda Hukumat faoliyatida ijtimoiy masalalar bilan shug‘ullanish ustuvor vazifaligi ta’minlanib, aholining bandligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimini takomillashtirish ishlariga alohida e’tibor berildi. Shu o‘rinda “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar — kelajagimiz” va dehqon xo‘jaliklari va shaxsiy tomorqa yerlarini rivojlantirishga doir dasturlar asosida ish o‘rinlarini yaratish jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan yaratuvchanlik ishlari natijasida zamonaviy qishloqlar (jami 478ta) da 312 ming 549 xonadon qurilib, 1,7 million nafar aholining, shaharlardagi mahallalarda esa, 496 ming aholining yashash sharoiti yaxshilandi. Bularning barchasi bir maqsadga – mamlakat taraqqiyoti va aholining turmush farovonligini ta’minlashga xizmat qilyapti.

Vazirlar Mahkamasining hisoboti deputatlar tomonidan har tomonlama, chuqur tahlil qilindi. Davlat dasturining ijrosi ustidan amalga oshirilayotgan nazoratning yanada ta’sirchanligi va samaradorligini ta’minlash, bunda parlament nazoratining barcha shakllaridan unumli foydalanish zarurligi qayd etildi.


Maqola muallifi

Teglar

deputat Qonunchilikpalatasi

Baholaganlar

1

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing