Hozir mutlaqo boshqa Afg‘oniston bilan muomala qilyapmiz – Komilov
Jamiyat
−
26 iyul 2022
8390Qirq yillik urush sababli Afg‘onistonda ko‘plab muammolar to‘planib qolgan, ammo bugun ushbu muammolarni hal etishga tayyor bo‘lgan yangi davlat borpo qilingan. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov bugun, 26 iyul kuni Toshkentda o‘tgan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro konferensiya so‘ngida aytib o‘tdi.
“Biz hozir mutlaqo boshqa Afg‘oniston bilan muomala qilmoqdamiz. Toshkent konferensiyasida barcha tomonlar bilan birga mana shu yangi Afg‘onistonga qanday yordam berish, qay tariqa yangi loyihalarni amalga oshirish mumkin, degan savollar atrofida fikr almashdik”, deydi Komilov.
Uning qayd etishicha, anjuman ishtirokchilari Afg‘oniston muammosi va uni hal qilishda O‘zbekistonning roliga juda yuqori baho berdi. Komilov so‘zida davom etarkan, Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiyning so‘zlaridan iqtibos keltirib, shunday deydi:
“Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy “Men bu yerda muhokama qilingan barcha masalalar, savollarni va hatto shikoyatlarni ham yozib borayapman. Kobulga qaytishim bilan ushbu masalalar hukumat tomonidan muhokama qulinadi va biz bu borada umumiy til topishga harakat qilamiz”, deya ta’kidladi.
O‘ylashimcha, shuning o‘zi ham tomonlar o‘rtasida o‘zaro ishonch yuzaga kelishi va rivojlanishi uchun katta qadamdir.
Albatta, bu Afg‘oniston bo‘yicha Toshkentda o‘tkazilgan birinchi konferensiya emas. Bungacha o‘tkazilgan konferensiyalarning ham o‘z kun tartibi bo‘lgan. Bugungi anjuman kun tartibi esa mutlaqo yangicha mazmun kasb etdi. Jumladan, Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttakiy konferensiyada ikki marta so‘zga chiqdi, kutilmagan va dolzarb savollarga javob qaytardi, Afg‘onistonning jahon hamjamiyati bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga tayyor ekanini ma’lum qildi”.
Komilovning fikricha, Afg‘oniston bo‘yicha navbatdagi Toshkent konferensiyasi oldingilaridan tubdan farq qilgan. Anjumanda yangi Afg‘onistonni qurish modeli muhokama qilingan. Bu Afg‘oniston uchun ham, O‘zbekiston uchun ham, xalqaro hamjamiyat uchun ham juda katta muvaffaqiyat bo‘lgan.
LiveBarchasi