Hozir hech kim bezovta qilgani yo‘q – Hasanboy Do‘smatov 

Intervyu

image

Boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari va Osiyo chempionati g‘olibi, Jahon chempionati finalchisi Hasanboy Do‘smatov joriy yilgi dunyo birinchiligi oldidan o‘zining imkoniyatlari, Kuba terma jamoasi va rejalari haqida gapirdi.

“2019 yildan buyon havaskor boksda jang qilmadim. 3 oydan buyon mashg‘ulotlar olib boryapman va yana avvalgi sport formamni tiklab oldim. 2017 yilgi Jahon chempionati finalida mag‘lub bo‘lgandim. O‘ylashimcha, hozir undan ko‘ra yaxshiroq holatdaman. Chunki, Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng, televideniyedagi ko‘rsatuvlar, turli xil tadbirlar sababli mashg‘ulotlarga yetarlicha e’tibor qarata olmagandim. Shukrki, hozir hech kim bezovta qilgani yo‘q. Bunga o‘zim ham qarshilik qildim va shu muhit o‘z ustimda ishlashim uchun ma’qulroq. Kun tartibimiz rejadagidek o‘tmoqda, nasib qilsa, hammasi yaxshi bo‘ladi”, deydi Do‘smatov.

Shuningdek, 28 yoshli bokschi g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan hisoblangan Kuba terma jamoasi haqida fikr bildirdi: 

“Jahon chempionati oldidan so‘nggi mashg‘ulotlarimiz Kuba terma jamoasi bilan o‘tmoqda. Raqiblarimizni sinchkovlik bilan o‘rganyapmiz. Har ikki jamoa bokschilari bor kuchiini ko‘rsatyapti, deb ayta olmayman. Lekin kuchli raqib bilan jang qilish doimo foydaga ishlaydi”. 

Do‘smatov professional va havaskor boksdagi faoliyati hamda oldindagi rejalarini ma’lum qildi.

“Havaskor va professional boks o‘rtasida farq juda katta. Qo‘lqoplardan tortib, ishlash tempimizda ham tafovut seziladi. Prof boksdagi uslublarning ba’zilari havaskorda ish berishi mumkin. Jahon chempionatidan keyin Parij Olimpiadasi bor, agar vazn toifam dasturdan chiqarib tashlanmasa va sport formamni ushlab qola olsam, albatta, unda ishtirok etaman. To‘g‘risini aytsam, 2017 yilgi Jahon chempionatida kumush medal olgandim. Bu safar faqat va faqat oltin uchun harakat qilaman, boshqa natija meni qoniqtirmaydi. Avvalo, barchasi Yaratgandan, harakatdan to‘xtamayman”, deydi andijonlik bokschi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston boks terma jamoasi katta murabbiyi To‘lqin Qilichev Bahodir Jalolovning Jahon chempionatida ishtirok etmayotgani, Kuba terma jamoasi bilan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar, Hasanboy Do‘smatov va Shahram G‘iyosovning tarkibga jalb qilinishi hamda hakamlik masalalari haqida aytib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AIBA Jahon chempionati Boks Hasanboy Do'smatov

Baholaganlar

88

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing