Homiladorlikda emlangan ayollardan g‘ayrioddiy bolalar tug‘ilayotgani rostmi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida homiladorlik vaqtida koronavirusga qarshi emlangan ayollardan mutant bolalar tug‘ilayotgani haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. Unda chaqaloqlarning dumlari, yunglari, 3-4 ta qo‘l va oyog‘i borligi aytilmoqda.

Qayd etilishicha, Moderna va Pfizer/BioNTech bilan emlangan onalardan tug‘ilgan mutant bolalar haqidagi xabarlar dastlab Turkiya farovonlik partiyasi raisi Fotih Erbakan tomonidan tarqatilgan. 

U televideniyedagi chiqishida Moderna vaksinasi odamlarning DNKsini o‘zgartirishini, shuningdek bu mutant bolalar tug‘ilishiga sabab bo‘lishini aytgan. Qolaversa u, g‘ayrioddiy chaqaloqlarning rasmlarini ham ko‘rsatgan. 

O‘zbekistonda soxta axborotlarga raddiyalar e’lon qilinuvchi sahifada ushbu fotosuratlarning hech biri vaksina hamda COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq emasligi ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, tarqalgan videoda birinchi bo‘lib ko‘rsatilgan dumli chaqaloq rasmi 2009 yilda fotosuratchi Saymon Stoun tomonidan yaratilgan.

Ikkinchi ko‘rsatilgan yung bilan qoplangan bolaning surati ham vaksina bilan bog‘liq emas. Fotosuratda tasvirlangan bola gipertrikoz yoki bo‘ri sindromi bilan tug‘ilgan. Ushbu kasallikka 2019 yilda Ispaniyada birdaniga 16 nafar bola chalingan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, ularning hammasi soch to‘kilishiga qarshi dorilarni qabul qilishgan.

Erbakan ko‘rsatgan uchinchi fotosuratda 2016 yilda Hindistonda tug‘ilgan siam egizaklari tasvirlangan. Egizak o‘g‘il va qizning tana a’zolarining ko‘pi umumiy bo‘lib, bor-yo‘g‘i bir juft bir-biriga yopishgan oyoqlari bo‘lgan.

“Shunday qilib, Erbakan ko‘rsatgan fotosuratlarning COVID-19 pandemiyasidan oldin olingan va vaksinaga hech qanday aloqasi yo‘q”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, koronavirusga qarshi emlanish DNKni o‘zgartirishi mumkin degan nazariya yolg‘on bo‘lib, ilmiy dalillarga zid hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

vaktsina mutant

Baholaganlar

1968

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing