Hokimlik Qibraydagi qulupnay dalasi nega payhon qilinganini aytdi
Jamiyat
−
20 may 2021
31316Avvalroq, Qibray tumanida 9 gektar maydondagi pishgan qulupnay buldozerda buzilib, vayron qilingani haqida xabar bergan edik. Holat bo‘yicha Qibray tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, ushbu videolavhada ko‘rsatilgan yer maydoni “Chinkeldi” MFY Yangiobod qishlog‘i M.Bexbudiy ko‘chasida joylashgan “Saidvali hoji” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lib, jami 20,9 gektarlik maydonning 8 gektariga (videoda 9 gektar deyilgan) qulupnay ekilgan.
“Saidvali hoji” fermer xo‘jaligi yer maydonlaridan ekin ekib foydalanish uchun dehqonlar bilan o‘zaro og‘zaki ( hech qanday hujjatlar rasmiylashtirilmagan) kelishuvga asosan ikkilamchi ijaraga berilgan.
“Fermer xo‘jaligining yer maydonlari davlat ehtiyojlari uchun olinganligi (oldindan ogohlantirish xatlari berilgan) munosabati bilan fermer xo‘jaligiga yetkazilgan zarar belgilangan tartibda qoplab beriladi.
Ushbu mablag‘lar fermer xo‘jaligi hisob raqamiga o‘tkazilgandan so‘ng, fermer xo‘jaligi bilan ikkilamchi ijarada foydalanib kelgan dehqonlarga keltirilgan zararni qoplash “Saidvali hoji” fermer xo‘jaligi tomonidan amalga oshirilishi bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Keltirilgan zararni qoplash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan qo‘shimcha axborot beriladi”, deyiladi hokimlik xabarida.
Hokimlik fermerning yerini davlat ehtiyoji uchun olgan bo‘lsa, nega dehqonlarga hosilini yig‘ib olishiga qo‘yib bermadi. Axir bu ham davlatning “cho‘ntagiga”, ham mirishkor dehqonga foyda bo‘lardiku. Eng kamida davlat dehqonning payhon qilingan hosili uchun fermerga qo‘shimcha mablag‘ to‘lamagan bo‘larmidi? Davlat idoralari “sallani olib kel desa, kallani olib kelish”dan qachon voz kecharkin?
LiveBarchasi