Hokimlik qarorlari ortidan boshlangan mashmasha. Oltiariqda Prezident qarori ijro etilmaydimi?

Tahlil

image

Yaqinda QALAMPIR.UZ saytiga Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidan tadbirkor Mirzomahmud Boymirzayev murojaat qilgandi. Tadbirkor bir muddat avval milliardlab kredit olib, tumanda maktabgacha ta’lim muassasasi qurishni boshlagan. Barcha hujjatlari mavjud. Biroq hozirda tuman hokimi tufayli muassasa qurilishi oxirigacha yetmay qolmoqda.

Yodingizda bo‘lsa, 2017 yil 9 sentyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Joylarda shu asosda kam foizli kredit ajratilib, zamonaviy ko‘rinishga ega maktabgacha ta’lim muassasalari qurilishi boshlangandi. Oltiariqlik tadbirkor ham prezident qarorini bajaray deb tuman hokimligiga yer ajratilishida yordam so‘rab murojaat qilgan. Unga qarashli “OLTIARIQ SPORT SERVIS” MCHJga Eskiarab ko‘chasidagi 66-uyda joylashgan, foydalanilmay turgan sobiq ma’muriy bino va qurilishi tugallanmagan o‘yingoh hududi qaror asosida ajratilgan. 

Mazkur binolarni rekonstruksiya qilish yo‘li bilan maktabgacha ta’lim muassasasi va sport sog‘lomlashtirish majmuasiga moslashtirishga hamda qo‘shimcha oshxona, suzish havzasi, tennis maydoni, sun’iy qoplamali futbol maydonchasi, bolalar maydonchasi, yengil tipdagi taomxona binolari qurishga ruxsat berish to‘g‘isida tuman hokimi Xolmirza Niyozovning qarori ham chiqqan. Keyinchalik barcha hujjatlashtirish ishlari tugagach, qurilish va ta’mirlash ishlariga ruxsat beruvchi qaror ham qabul qilingan.

Jamiyatga jami 49318,68 kv metr bo‘lgan yer maydoni ajratilgan. Tadbirkor qurilish ishlarini boshlagan. Lekin o‘sha binolarning orqa qismida anchadan beri dehqonchilik va boshqa faoliyat bilan shug‘ullanayotgan, ba’zilarining aytishicha, o‘sha yerda istiqomat qilib kelayotgan fuqarolar janjal ko‘tarishni boshlashgan. Ular yerga da’vo bilan chiqishgan. Keyin tuman hokimi “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni asosida o‘sha fuqarolarga yerga egalik huquqini beruvchi qarorlar chiqarib bergan.

Shundan so‘ng Mirzomahmud Boymirzayev prokuraturaga murojaat qilgan. Prokuratura protesti kiritilganidan keyin yetarli asoslar ko‘rsatilib tuman hokimining qarorlari bekor qilingan. Holatdan fuqarolar qattiq darg‘azab bo‘lishgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tomonlarning murojaatlari aks etgan videolar tarqalishi ko‘paygan. Orada bir necha bor sudlar ham bo‘lib o‘tgan. Hozir ham sudlar davom etmoqda.

Tuman hokimligi bilan bog‘langanimizda bu holatga tez orada barham berilishini bildirishgandi. Lekin bir necha oy o‘tganiga qaramay, hokimlik tomonidan muammoga yechim berilmay kelinmoqda.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, hozirda sud jarayoni tugamasdan turib, uning mulki joylashgan hududdan o‘sha yerdagi aholi uchun yo‘lak o‘tkazilgan. Fuqarolar va tadbirkor o‘rtasidagi janjal esa tobora kattalashmoqda. Ikki tomon sudma-sud sarson bo‘lmoqda.

Vaziyatni kuzata turib bizda bir nechta savollar paydo bo‘ldi: nega barcha hujjatlari bo‘lsa ham jamiyatga qarashli yerlar fuqarolarga berib yuborildi? Nega mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida Prezident farmoni talablariga rioya qilinmadi? Nega hokimlik qilgan xatoga tadbirkor va fuqarolar jabr ko‘rishi kerak? Muammo qachon ijobiy hal etiladi? Yoki Oltiariq tuman hokimligi ham boshqa joylarda yuz berganidek katta falokat yuz berishini kutmoqdami? Ayni vaqtda daromad olishni boshlashi kerak bo‘lgan tadbirkor nega hanuz sudlarda yugurtirilmoqda?

QALAMPIR.UZ tahririyati hozircha voqealar rivojini kuzatadi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Farg'ona Oltiariq

Baholaganlar

104

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing