Hokimlarni xalq saylashi kerak. Shu kunlarga baribir kelamiz – Prezident
Jamiyat
−
24 Sentabr 2020
5797O‘zbekistonda birinchi marta tuman va shaharlardagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash muhiti, infratuzilma va mavjud resurslardan foydalanish darajasi o‘rganildi va tahlillar asosida ulardagi tadbirkorlik rivoji holati “yaxshi”, “o‘rta” va “qoniqarsiz” hududlarga ajratildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24 sentyabr kuni hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.
Xususan, 48 ta tuman va shahardagi holat “yaxshi”, 119 tasida “o‘rta” hamda 33 tasida “qoniqarsiz” deb topilgan.
Videoselektor yig‘ilishida ushbu tahlillar asosida joylardagi muammolarni hal etish, ko‘rsatkichlari nisbatan past bo‘lgan hududlarga ko‘maklashish choralari muhokama qilindi. Prezident hokimlarni xalq saylashi kerakligini yana bir eslatib o‘tdi.
Iqtisodiy kompleksga kiruvchi vazirlik va muassasalar “tadbirkorga xizmat qiluvchi” tashkilotga aylanishi zarurligi ta’kidlandi. “Qoniqarsiz” deb baholangan tuman va shaharlarning salohiyatini yuzaga chiqarish, “yaxshi” hududlarning tajribasini ommalashtirish muhimligi qayd etildi.
Misol uchun, Samarqand tumanida hududiy sanoat mahsulotlari hajmi 1,1 trillion so‘mni tashkil etib, aholi jon boshiga 4,5 million so‘mdan to‘g‘ri kelgan. Bu Samarqand viloyatidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Shuningdek, 508 ta tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, yangi ish o‘rinlarining 71 foizi kichik biznesda ochilgan. Mahalliy byudjet tushumlari so‘nggi uch yilda 2 baravar ortgan.
Shuningdek, Qamashi tumanida so‘nggi uch yilda 802 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, ishlamayotgan 132 ta korxona qayta tiklangan. Eksport hajmi o‘tgan yilgiga nisbatan 1,5 barobar oshgan.
Aksincha, Nukus, Baliqchi, Bekobod, Xovos, Baxmal, Mirzacho‘l, Yangiqo‘rg‘on, Shovot, Kasbi, Qumqo‘rg‘on, Uchtepa kabi tumanlardagi ahvol qoniqarsiz. Aslida ularda ham yetarlicha salohiyat va infratuzilma bor.
Masalan, Qumqo‘rg‘on tumani tadbirkorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha Surxondaryo viloyatida eng oxirgi o‘rinlardan birida. Lekin u yerda 124 ming gektar yaylov va 48 ming gektar oborotdan chiqqan yer bor. Ulardan samarali foydalanish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilmagan.
Bekobod tumanida ham kichik biznes ulushi respublikadagi eng so‘nggi o‘rinlardan birida. Tumanda yiliga 10 ming tonna paxta, 100 ming tonna don yetishtirilsa-da, qayta ishlanmaydi.
“Odamlarimiz turmushini yaxshilashga harakat qilmagan rahbar bir kun ham ishlamaydi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
“Qoniqarsiz” hamda “o‘rta” deb baholangan tuman va shaharlarda inqirozga qarshi boshqaruv tizimi joriy etilishi belgilandi. Ya’ni, ularga rahbarlik qilish istagini bildirgan har qanday talabgor hududni rivojlantirish dasturini mahalliy kengashlarda himoya qilishi mumkin. Xalq vakillarini ishontira olgan salohiyatli kishilar butun jamoasi bilan tumanga rahbar etib tayinlanadi.
“Hokimlarni xalq saylashi kerak. Shu kunlarga baribir kelamiz”, deya ta’kidladi Prezident.
LiveBarchasi