Hokimlar ularning yordamchilariga yangi vazifalar yuklandi
Jamiyat
−
20 dekabr 2021
18354Joriy yilning 15 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidentining “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Hujjatga asosan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 100 mln dollar ekvivalenti miqdoridagi qarz mablag‘lari Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) milliy valyutada yo‘naltiriladi.
Ko‘rsatilgan mablag‘lar tijorat banklariga:
a) tomorqa yer egalariga:
• qoida tariqasida, 100 bosh parranda, 5-10 bosh kurka, 20 bosh quyon, 5-6 bosh qo‘y va echki, 5 ta asalari uyasi, intensiv usulda baliq boqishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ixcham issiqxonalar, “dala do‘konlari” qurish, artezian quduqlarini qazish;
• kichik intensiv bog‘dorchilik, limonchilik va uzumchilik;
• poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik uchun kredit ajratiladi;
• b) tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchisining tavsiyasiga ko‘ra “Tomorqa xizmati” MCHJlarga urug‘lik va ko‘chat, motokultivator va minitraktor, inkubator xarid qilish hamda aylanma mablag‘ uchun 300 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi;
v) yetakchi tadbirkorlik sub’ektlariga aholi tomorqalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kooperatsiya asosida yetishtirish va yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilish uchun aylanma mablag‘larni to‘ldirishga kreditlar ajratiladi.
Jamg‘arma tomonidan 2026 yil 1 yanvarga qadar:
• tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlariga omborxonalarni jihozlash, shuningdek, quritish, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq 150 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan hajmda subsidiya beriladi;
• suv ta’minoti og‘ir tomorqa yerlari va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ulash, daryolar, kanallar va boshqa suv ob’ektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatish xarajatlarining bir qismi qoplanadi.
Ko‘rsatilgan chora-tadbirlar uchun 2022 yilda Jamg‘armaga Davlat byudjetidan 50 mlrd so‘m ajratiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlariga hokim yordamchilari bilan birgalikda quyidagi yangi vazifalar yuklatildi:
• tomorqa xo‘jaliklari bilan agrosanoat klasterlari, tayyorlov, qayta ishlash va eksportyor korxonalarni jalb etgan holda kooperatsiya aloqalarini tashkil etishga ko‘maklashish;
• mahsulot yetkazib beruvchi va xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar ro‘yxatini shakllantirgan holda, joylarda “tarqatish va mahsulotlarni yig‘ib olish bo‘yicha mobil xizmatlar” faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
• “xonadonbay” ishlash asosida hududlarning tuproq-iqlim sharoiti va hudud aholisining tajribasidan kelib chiqqan holda tomorqa xo‘jaliklarini “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtirish;
• har bir mahallada kooperatsiya asosida parranda, quyonchilik, qo‘y-echkichilik, asalarichilik va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan shug‘ullanish istagini bildirgan yetakchi tadbirkorlarni aniqlash.
Tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzuridagi fermer xo‘jaliklarida aholi xonadonlarida tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha bittadan agronom shtati tashkil etiladi. Har bir tumanda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor idoralarning mas’ul xodimlaridan iborat xonadonlarda parrandachilikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan doimiy loyiha ofisi tashkil etiladi.
“Agrobank” ATB 2022 yil 1 aprelga qadar jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan, aholi tomorqalarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini “marketpleys” usulida sotishni yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha onlayn maslahatlar ko‘rsatuvchi maxsus platformani ishga tushiradi.