Hokimlar siylayotgan sportchilar – Sport dayjesti
Sport
−
16 iyul 2023
9749Assalomu alaykum! Ortda qolayotgan hafta o‘zbek va jahon sportida qator voqeliklarga boy bo‘ldi. Toshkent shahri hokimi Shavkat Umrzoqov sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevning “Paxtakor”iga 7 milliard so‘m o‘tkazib beryapti. O‘zbekistonlik bokschi Shohjahon Ergashev Xalqaro boks federatsiyasidan yengilroq jang so‘radi, UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyev tashkilotdagi muvafaqqiyatli debyutdan so‘ng, Andijon viloyati hokimining sovg‘asini qabul qilib oldi, yana bir professional bokschi Isroil Madrimov esa Butundunyo boks assotsiyatsiyasi reytingida 3-o‘rinda borayotgan britaniyalik Jeyms Metkalfga qarshi jang qiladigan bo‘ldi. O‘zbekistonlik 5 nafar sportchida taqiqlangan modda aniqlandi. Profboksda 4 ta yo‘nalish bo‘yicha jahon chempioni Aleksandr Usik Ukraina prezidenti bo‘lmoqchi. Meta kompaniyasi rahbari Mark Sukerberg UFC chempionlari bilan mashg‘ulot o‘tkazib, milliarder Ilon Maskga qarshi jangga tayyorgalik ko‘rmoqda. Boks bo‘yicha sobiq jahon chempioni Beybut Shumenov bolali erkakni kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Shu va boshqa xabarlar bilan QALAMPIR.UZ’ning sport dayjestida.
Toshkent shahrining mahalliy byudjetidan “Paxtakor” futbol klubi hisobiga 7 milliard so‘m mablag‘ o‘tkazib beriladi. Shahar hokimi Shavkat Umrzoqov bu bo‘yicha tegishli qarorni qabul qildi.
Unga ko‘ra, “Paxtakor” FK MCHJning kommunal xizmatlari, ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlar va o‘yin o‘tkazish xarajatlarini qoplab berish maqsadida shahar hokimligining klub ustav fondidagi ulushini oshirish hisobiga mahalliy byudjetning zaxira jamg‘armasi hisobidan 7 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Shahar hokimi mazkur qarorni imzolashda Vazirlar Mahkamasining “Futbol klublari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (2021 yil 30 aprel) 261-son qarori (unda Toshkent shahar hokimligi “Bunyodkor” va “Paxtakor” jamoalariga bosh homiy ekani ko‘rsatilgan) hamda “Paxtakor” klubining 2023 yil 13 iyuldagi murojaati inobatga olinganini qayd etgan.
Shuningdek, unda keltirilishicha, Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi 2023 yil Toshkent shahar mahalliy byudjetiga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi. G‘aznachilik boshqarmasi ajratilgan mablag‘ni o‘rnatilgan tartibda moliyalashtirish choralarini ko‘radi. Klub ustav fondini taqsimlangan mablag‘lar hisobiga oshirish choralarini ko‘radi hamda mablag‘larning maqsadli sarflanishini ta’minlaydi.
Ma’lumot uchun, “Paxtakor” klubi sobiq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli. Superligada 13 ta o‘yin o‘tkazgan klub 28 ochko bilan turnir jadvalida 2-o‘rinda bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 iyun kuni Jahongir Ortiqxo‘jayev “Paxtakor” jamoasining Qibraydagi o‘quv yig‘in mashg‘ulotlari bazasida futbolchilar bilan uchrashgan edi. Unda sobiq hokim so‘nggi oylarda kompleksda amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishgan va jamoa a’zolari bilan suhbatlashgan.
O‘zbekistonlik professional bokschi Shohjahon Ergashev IBFʼdan chempionlik jangiga qadar yana bitta yengilroq jang so‘radi. Bu haqda sportchining o‘zi QALAMPIR.UZʼga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, super yengil vazn toifasida IBF kamari sohibi puyerto-rikolik Sabriyel Matias tashkilotdan himoya jangi oldidan bitta jang o‘tkazishni so‘ragan. Natijada u Rossiya va Qozog‘iston ikki fuqaroligida bo‘lgan Sergey Lipinets bilan jang qilishga kelishib olgan, biroq oradan biroz vaqt o‘tgach IBF Sabriel Matias va Shohjahon Ergashevning so‘rovlarini rad etgan. Buni o‘zbekistonlik bokschi QALAMPIR.UZʼga tasdiqladi.
Endilikda IBF kamari uchun puyerto-rikolik amaldagi chempionga qarshi jangimni tashkil qilish tashkilotning zimmasiga qoldi.
“Baribir Sabriel Matiasga qarshi jang qiladigan bo‘ldim. Uzog‘i ikki haftada hammasi rasman hal bo‘ladi”, deydi Shohjahon Ergashev.
Ha aytgancha, Shohjahon Ergashev Matias bilan ijtimoiy tarmoqda treshtokingni boshlab yubordi.
Gap shundaki, Sabriel Matias Instagram sahifasiga Ergashevning prof boksdagi natijalari bilan bog‘liq post joylagan va unga haqoratlovchi izoh qoldirgan. Shohjahon Ergashev raqibiga barchasini jangda uzil-kesil hal qilish taklifini bergan.
“Ringdagi uchrashuvimizda shunchaki uxlab qolasan. Orzularing ustidan kulish uchun yetarli vaqting bo‘ladi”, deydi Ergashev.
Bunga javoban Sabriel Matias Ergashevni shunchaki tinchlantirib qo‘yish maqsadidaligini aytdi.
“Senda buni sinab ko‘rish uchun vaqt bo‘ladi, o‘shanda tinchlanib olasan. Men seni ringda ko‘rgan vaqtimda sen qochib yurgan bo‘lasan”, deb javob qildi Matias.
Ergashev muloqot davomida raqibini muddatidan oldin mag‘lub etmoqchiligini ma’lum qildi.
“Senga chuqur uyquga ketishingdan oldin yaqin qarindoshlaring va do‘stlaring bilan yaxshilab xayrlashib olishingni maslahat beraman”, deydi o‘zbekistonlik bokschi.
Bir narsani ta’kidlash kerakki, ko‘p yillardan buyon profboksda faoliyat yuritib kelayotgan Ergashev haqida o‘zbek OAVda turli gaplar yuradi. Ya’ni Ergashev chempionlik uchun jang qilaman deb hammani ancha vaqtdan buyon aldab kelayapti degan ma’nodagi gap-so‘zlar, lekin bu safar IBF haqiqatdan ham Ergashev va Matias o‘rtasidagi jangga rasmn buyruq berdi. O‘z navbatida o‘zbekistonlik bokschi hozirda AQSHda bo‘lajak jangiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Voqealar rivoji qanday ko‘rinish oladi? Kuzatamiz.
Joriy yilning 8 iyul kuni UFC'dagi g‘alabali ishtirokidan so‘ng, AQSHdan O‘zbekistonga qaytib kelgan UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyevga Andijon vioyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov 3 xonali uy sovg‘a qildi.
“UFC'dagi g‘alabamiz uchun viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov mana shunday mukofot bilan taqdirladi. Avvalo qilayotgan mehnatlarimizga befarq bo‘lmagani uchun o‘z minnatdorligimni bildiraman. U hamisha mana shunday sportchilarni qo‘llab-quvvatlab keladi, rahmat”, deydi Ro‘ziboyev.
Ma’lumot uchun, Ro‘ziboyev joriy yilning iyun oyi oxirida UFC bilan shartoma imzolab, 2 iyul kuni debyut jangini o‘zidan ancha tajribali bo‘lgan, shu paytgacha yengilmagan braziliyalik Bruno Ferreyraga qarshi oktagonga ko‘tarilib, muddatidan oldin g‘alaba qozongandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Toshkentda o‘tkazilgan havaskor boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida Jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan Hasanboy Do‘smatovga ham uy sovg‘a qilgan edi. Shuningdek, u og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiyada va Jahon chempioni Ruslan Nuriddinovni Gentra mashinasi bilan taqdirlagan.
“Matchroom” promouterlik kompaniyasi rahbari Eddi Hirn o‘zbekistonlik professional bokschi Isroil Madrimovnavbatdagi jangini WVA reytingida 3-o‘rinda borayotgan britaniyalik Jeyms Metkalfga qarshi o‘tkazishini ma’lum qildi.
Bo‘lajak to‘qnashuv WBA kamari uchun davogarlik jangi maqomida bo‘ladi. Madrimov professional faoliyati davomida 10 ta jang o‘tkazib, 9 tasida (6 nokuat) g‘alaba qozongan va bittasida texnik durang qayd etilgan. U oxirgi jangini o‘rta vazn toifasida o‘tkazib, Rafael Igbokveni ochkolar bo‘yicha mag‘lub etgan. Jeyms Metkalf esa bu borada anchagina tajribali hisoblanadi. U 27 ta jang o‘tkazib, 25 tasida (15 nokaut) raqiblarini mag‘lub etgan hamda 2 bor jangni boy bergan. U so‘nggi jangida Denis Hogandan ochkolar bo‘yicha ustun kelgan.
Joriy yilning o‘tgan 6 oyi mobaynida 5 nafar o‘zbekistonlik sportchida taqiqlangan modda borligi aniqlandi. Bu haqda bugun, 14 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Milliy antidoping agentligi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilning o‘tgan 6 oyi mobaynida Antidoping agentligi mutaxassislari tomonidan jami 244 ta doping sinama olingan. Unga ko‘ra, yil boshidan shu vaqtga qadar 5 nafar sportchida taqiqlangan modda borligi aniqlangan.
Shuningdek, matbuot anjumanida O‘zbekiston va Koreya antidoping agentliklari orasida imzolangan memorandumga ko‘ra, Koreyada 7 nafar agentlik mutaxassislari malaka oshirgani, 12 nafar doping ofitser va shaperonlarni tayyorlash kursida o‘qitilib, sertifikat berilgani ta’kidlandi.
Butunjahon antidoping agentligining xalqaro doping ofitser tayyorlash kursida 3 nafar agentlik mutaxassislari (A.Soliyev, N.Eshquvvatov, A.Mansurova) o‘qitilib, Xalqaro toifadagi doping ofitserlar tayyorlangan. Shu bilan birga, ularga xalqaro musobaqalarda doping sinamasi olish huquqi ham berilgan.
WBA, IBF, IBO va WBO yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempioni Aleksandr Usik 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan Ukraina prezidentlik saylovlarida qatnashishini e’lon qildi. Bu haqda sportchi Seconds Out YouTube kanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Qayd etilishicha, Usik uchta jangdan so‘ng faoliyatini yakunlab, Ukraina Prezidenti bo‘lishni xohlamoqda.
“Men birinchi og‘ir vaznga qaytaman, yana bir bor mutlaq chempion bo‘laman va prezidentlikka nomzodimni qo‘yaman”, deydi Usik.
Ma’lumot uchun, bokschi 2022 yilda uchta jangdan so‘ng faoliyatini yakunlamoqchi ekanini bildirgandi. U, shuningdek, Tayson Fyuri va Saul Alvares bilan jang o‘tkazish hamda oxirgi jangi Ukrainada tashkil etilishini orzu qilishi haqida aytgan. Hozirgacha u 20 ta jang o‘tkazib ularning barchasida g‘alaba qozongan va to‘rt yo‘nalish bo‘yicha chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan.
Meta kompaniyasi rahbari Mark Sukerberg ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama bo‘layotgan milliarder Ilon Maskga qarshi jang fonida UFC chempionlari bilan mashg‘ulot o‘tkazdi. Bu haqda u o‘z Instagram sahifasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Sukerberg kecha, 11 iyul kuni amaldagi UFC chempionlari Yangi Zelandiya vakili Israel Adesanya (o‘rta vazn) va Aleksandr Volkanovski (yarimengil vazn) bilan jiddiy mashg‘ulot o‘tkazgan. U bilan birga mashq qilgan MMA jangchilarining fikricha, Sukerberg ajoyib jang formasida va u rostdan ham mazkur jang tashkil etilishini xohlamoqda.
“Markning niyati jiddiy, bu ajoyib biznes”, deydi Israel Adesanya.
Eslatib o‘tamiz, Sukerberg va Mask dastlab joriy yilning 20 iyun kuni Twitter'da o‘zaro bahslashib, AQSHning Las-Vegas shahridagi oktagonda jang qilishga kelishib olgandi. Biroz vaqt o‘tgach, UFC Prezidenti Dana Uayt har ikki milliarderning niyati jiddiy ekanini ma’lum qilib, mazkur bahsning tashkiliy masalalariga o‘zi bosh-qosh bo‘lishini aytgan edi.
Shundang so‘ng, Ilon Mask Sukerbergga qarshi jangga UFC afsonasi Jorj Sen-Per, jiu-jitsu murabbiyi Jon Danaxer va podkaster Leks Fridman bilan birga tayyorgarlik ko‘ra boshlagan edi.
Qozog‘istonning Ostona shahrida boks bo‘yicha sobiq jahon chempioni Beybut Shumenov qo‘lida bolasi bor erkak bilan mushtlashib qoldi. Bu haqda “Zakon.kz” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur hodisa joriy yilning 18 iyun kuni sodir bo‘lgan. Biroq mazkur voqea aks etgan video internetda tarqatilganidan keyingina jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan.
Kadrlarda bokschi bolasi bor erkakka yaqinlashgani, nimadir degani, so‘ng uning bo‘ynidan tortib olib, mushtlab ketganini ko‘rish mumkin.
Mazkur tortishuvdan xabar topib kelgan, politsiya xodimi dastlab voqeaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmagan. Video tarmoqlarda ommalashganidan keyin politsiya bezorilik bo‘yicha ish ochgan. Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbarining o‘rinbosari janjal paytida bola jarohat olmaganini aytgan. Shuningdek, u ushbu holat bo‘yicha sportchiga qanday chora ko‘rilishi bo‘yicha ma’lumot bermagan.
Bokschi Shumenovning o‘zi ham vaziyatni sharhlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tibbiy ekspertiza erkak jarohat olmaganini tasdiqlagan.
“Bunday vaziyatda men erkakning qo‘lida bo‘lgan kichkintoydan kechirim so‘ramoqchiman va bola bu yoqimsiz tomoshaga guvoh bo‘lganidan afsusdaman. Ayni paytda mojaro butunlay tugadi”, deb yozgan Shumenov.
Shuningdek, turli xil mish-mishlar bo‘lmasligi uchun bokschi mojaro tafsilotlarini aytib bergan.
“Mening 8 yoshli o‘g‘lim o‘sha kuni o‘yin maydonchasida o‘ynayotgan edi va boshqa bir bola uni hech qanday sababsiz beliga ura boshladi. O‘g‘lim nima uchun bu bola uni urayotganini tushunmadi, undan uzoqlashdi va o‘ynashni davom ettirdi. Va bir necha daqiqadan so‘ng, o‘sha bola qaytib keldi va o‘g‘limga yana hujum qilmoqchi bo‘ldi, o‘g‘lim qochib, undan qochib keta boshladi. Keyin o‘sha odam kelib, bolasini olib ketdi. O‘g‘lim bunday munosabatda bo‘lishga odatlanmagan va bu uning uchun katta stress edi. Keyin o‘g‘lim yonimga kelib, bola unga hujum qilganini aytdi. Uning orqa qismida qizarish va tirnalish borligini payqadim. Keyin men bu odamning oldiga borib, u bolaning otasi ekanini aniqladim va undan “O‘g‘limni urgan o‘g‘lingizmi?”, deb so‘radim. Bunga javoban u tajovuzkorona “Ha, urdi. Nima?”, deya javob berdi”, deya ta’kidlagan bokschi.
Ma’lumot uchun, Beybut Shumenov boks bo‘yicha WBA sobiq jahon chempioni. 2016 yilda Beybut ikki vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan birinchi qozog‘istonlik bokschi sifatida tarixga kirgan. Ammo 2019 yilda WBA bo‘yicha boks bo‘yicha jahon chempioni unvonidan rasman mahrum etilgan.