“Hokimlar qanday bosh ko‘tarib yuribdi?” Prezident Farg‘onada hokimlarni ayovsiz tanqid qildi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida Qoraqalpog‘iston rahbariyati, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ishtirokidagi yig‘ilish o‘tkazayotgani haqida xabar bergan edik. Yig‘ilishda davlat rahbari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilish bo‘yicha Farg‘ona viloyatidagi ayrim tuman va shaharlarning ko‘rsatkichlari qoniqarsizligini ko‘rsatib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Qayd etilishicha, Farg‘ona shahrida o‘tgan yilning olti oyida bor-yo‘g‘i 25 million dollar investitsiya kiritilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu raqam atigi 12 million dollarni tashkil etayotgani ta’kidlangan.

Marg‘ilon shahrida, O‘zbekiston, Bog‘dod, Toshloq tumanlarida jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning yarmiga ham yetmagani alohida urg‘ulangan.

“Davlat ajratgan har bir so‘mga hokimlarning o‘zi ham kamida shuncha miqdorda investitsiya jalb qilishi bo‘yicha topshiriq berganman. Bu borada, so‘nggi uch yilda Farg‘onaga yo‘naltirilgan har bir million dollar davlat investitsiyasiga 2,7 million dollar xorijiy investitsiya to‘g‘ri kelgan. Lekin, Farg‘ona shahri va Oltiariqda davlat ajratgan har bir million dollarga nisbatan 200 ming dollar kam, Buvayda tumanida esa 300 ming dollar kam investitsiya jalb qilingan. Bu tuman va shahar hokimlari qanday qilib bosh ko‘tarib yuribdi? Har biriga investitsiya bo‘yicha o‘rinbosar, 3-4 tadan alohida shtatlar berilgan bo‘lsa!”, deya tanqid qilgan Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident tomonidan hududida ishlarni lozim darajada tashkil etmagani uchun Farg‘ona viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A. O‘rinboyev, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Tillavoldiyev, Rishton tumani hokimi S. Soliyev, Marg‘ilon shahar hokimi A. Ziyovutdinov va soliq boshlig‘i T. Husanov egallab turgan lavozimidan ozod qilingandi.

Shuningdek, viloyat hokimining qurilish hamda investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari, Bag‘dod, Quva va Buvayda tumanlari hokimlariga hayfsan e’lon qilindi.

Farg‘ona shahri hokimi va sektor rahbarlarining lavozimi 3 oy sinov muddati bilan o‘z vazifasini bajaruvchi darajasiga tushirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Shavkat Mirziyoev Farg'ona tanqid

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing