Hokimlar emas, biz aybdormiz – Ekoqo‘mita raisi o‘rinbosari noqonuniy yer ajratish haqida

Jamiyat

image

O‘zbekistonda yer resurslari noqonuniy tarzda berib yuborilishiga hokimlar emas, aksincha Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi aybdor. Bu haqda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov kecha, 26 noyabr kuni matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Anjumanda QALAMPIR.UZ muxbiri yer hokimlar qarorisiz ajratilmasligini aytib, yerdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanayotgan bo‘lishiga qaramay, nega birorta hokim jazolanmagani haqida mas’ullarga savol yo‘llagan.

Bunga javoban Islombek Boqijonov hokimlar qaror chiqarishdan oldin Ekologiya qo‘mitasining hududiy bo‘limidan ruxsat so‘rashini, xatolik o‘tsa, bu hokimlarning aybi emasligini ta’kidladi.

“Avvalo hokim qaror chiqarishidan oldin bizdan ruxsat so‘raydi. Bizning ekologik xulosamiz bo‘lmasa, hokim qaror chiqarmaydi. Demak, biz xato qilib qo‘ysak, hokim aybdor hisoblanmaydi. Aybdor biz bo‘lamiz. Shuning uchun avvalo biz, ya’ni ekologiya xato qilmasligimiz kerak. Respublika bo‘yicha 1875 ta litsenziyaga ega qum karer, tuproq karer, kon va boshqalar mavjud. O‘tgan oy 100 ta litsenziyali hududlarni tekshirganimizda, 48 tasini bekor qildik. Buning 11 tasi Qoraqalpog‘istonga, 8 tasi Jizzax viloyatiga, 3 tasi Samarqand viloyatiga to‘g‘ri keladi. Litsenziya berishning o‘z tartibi bor”, deydi Boqijonov.

U so‘zida davom etib, “Xavfsiz daryo” DUK qaysidir hududni karer yoki geologik maqsadda foydalanishga berishidan oldin Ekologiya qo‘mitasi bilan kelishishini ta’kidladi. 

“Yaqinda bizga jo‘natilgan 29 ta kelishuv qog‘ozini jo‘natgan hudud nuqtalarini tekshirganimizda 29 tadan 16 tasiga ruxsat berildi. Qolganlari rad etildi.  Nima sababdan rad etiladi? Ilgari inspektorlarga ishonganmiz, ularning imzosi bilan o‘tkazganmiz. Hozir hududning inspektorlari va  boshqarma boshlig‘ining o‘zi borib,  o‘sha joyni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Haqiqatdan tosh, qum, tuproq bormi? Qonuniymi yoki noqonuniymi? Olsa bo‘ladimi?, “Bo‘ladi”, deb imzo qo‘yganidan keyin biz o‘tkazyapmiz. Shuning hisobiga 16 tasi o‘tdi, qolgani rad etildi. Eng ko‘p jarima solingan hudud Jizzax viloyatiga to‘g‘ri keladi – 439 ta. Jarima summasi 751 million. Samarqand viloyatida 335 ta huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lsa, 825 million jarima belgilangan. Shuning uchun, o‘zimiz sababli bo‘lgani uchun,  biz o‘zimiz uning jarimasini qo‘llayapmiz”, deydi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.

Islombek Boqijonov o‘z nutqi davomida noqonuniy foydalanishga topshirilgan yer masalasida  hokimlarga qanday choralar ko‘rilishi mumkinligi haqida aytib o‘tdi.

“Biz hokimlarga faqat majburiy ko‘rsatma yoki talabnoma berishimiz mumkin.  Adashmasam, Respublika bo‘yicha  198 tadan ko‘proq mansabdor shaxslarga talabnoma berilgan. Bu hamma viloyatda beriladi. Qaror hokimning oldiga kirganida ekologiya, SES, ichki ishlar, yong‘in xavfsizligi va boshqalardan xulosa bo‘ladi. Oxirgi xulosadan so‘ng, hokim qo‘l qo‘yadi. Hozir yerni ajratish ham hokimning qo‘lida emas. Tanlov, elektron auksion bo‘lib ketdi. Yer auksionga qo‘yilishidan oldin bizdan xulosa olinsa qo‘yiladi, olinmasa auksionga qo‘yilmaydi”, deydi u.

 


Maqola muallifi

Teglar

Hokimlar Ekoqo'mita Islombek Boqijonov

Baholaganlar

79

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing