Hokimga “mojna”mi? Oliy sud maktab direktorining qamalishi va ozod etilishiga izoh berdi
3-sahifa
−
04 avgust 2023
61451Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning direktori T.U. viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirokida o‘tkazilgan majlisda, u bilan janjallashgandan so‘ng qamalgan edi. Keyinchalik Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova holatga munosabat bildirib, T.U. ma’muriy qamoq jazosidan ozod qilinganini va holat shaxsan uning nazorati ostida ekanini ma’lum qilgandi. Bugun, 4 avgust kuni Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov voqealar qanday kechganiga izoh berdi.
Aytilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudining 2023 yil 26 iyuldagi qarori bilan T.U. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan, deb topilib, unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasi (bir necha huqubuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash) 2-qismiga asosan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 28 iyuldagi qaroriga muvofiq T.U. ga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudi tomonidan 2023 yil 26 iyulda chiqarilgan qaror o‘zgarishsiz qoldirilgan.
1 avgustda esa Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasi ajrim chiqargan va unga ko‘ra T.U. ga nisbatan birinchi va apellyatsiya instansiya sudlari chiqargan qarorlari o‘zgartirilib, unga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan va maktab direktori belgilangan jazoni o‘taganidan so‘ng ozodlikka chiqarilgan.
Ammo Oliy sud bayonotida maktab direktorining aynan qaysi xatti-harakati "mayda bezorilik" sifatida baholanganiga izoh bermagan. Aftidan bunga T.U. viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovga gap qaytargani sabab bo‘lgan. Hokimning maktab direktoriga qilgan qo‘pol muomalasi haqida esa lom-mim deyilmagan.
Shuningdek, majlisda ishtirok etayotgan maktab direktorini majburan olib chiqib ketish holatining "ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik", deb baholanishi qay darajada to‘g‘ri, bu ham noaniq.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 avgust kuni vazir Hilola Umarova T.U. bilan telefon orqali gaplashib, undan hol-ahvol so‘ragandi.
LiveBarchasi