Hokim o‘rinbosari va kadastr xizmati xodimiga sud hukmi o‘qildi
Jamiyat
−
25 may 2019
5533Jinoyat ishlari bo‘yicha Boysun tuman sudining 2019 yil 18 fevraldagi hukmi bilan Boysun tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mirzaqul Shamsiyev Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1–qismi bilan, Surxondaryo viloyat Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Boysun tuman filiali “Yer tuzish va bino inshoot” bo‘limi mutaxassisi Sanjarbek Ashurov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi, 228-moddasi 1-qismi va 28, 210-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud Matbuot xizmati xabar qilmoqda.
S.Ashurov 2018 yilning iyun oyi o‘rtalarida fuqaro J.S. bilan uchrashib, Boysun tumani hududida bog‘dorchilikka mo‘ljallangan yuridik maqomdagi dehqon xo‘jaligi yuritish maqsadida yer maydoni ajratilishida yordam berishini va’da qilib, buning evaziga “Yomchi” uchastkasidagi 0,30 ga lalmi yer maydonini ko‘rsatib, ushbu yer maydoni unga ajratilishi uchun 30.mln so‘m berishi lozimligini aytib, J.S.dan fuqaro Z.X.ning pasport nusxasi va soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) nusxalarini olgan. S.Ashurov yer ajratish bo‘yicha Boysun tuman hokimining qarori chiqqanidan so‘ng 2018 yil 11 sentyabr kuni J.S.ga telefon qilib, unga Z.X. nomiga 0,30 ga lalmi yer maydoni ajratish haqidagi Boysun tuman hokimi qarori chiqqanligini va yerni o‘lchab berishini, shu sababli kelishilgan 30 mln so‘mni olib kelishini bildirgan.
2018 yil 13 sentyabr kuni soat 16.00. da J.S.ning arizasi yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida S.Ashurov Boysun tumani, “Robot” massivi, “Yomchi” uchastkasi hududidagi katta yo‘l chetida joylashgan yer maydonida J.S.ga yer maydonini o‘lchab berib, Z.X.ga dehqon xo‘jaligi yuritish uchun 2018 yil 10 sentyabrda chiqarilgan hokim qarorining asl nusxasini berib, undan 30 mln. so‘mni olib, ushbu puldan 100 AQSH dollarini Boysun tuman hokimi o‘rinbosari M.Shamsiyevga pora tariqasida ham berishini aytib, pora olishda ishtirokchilik sodir etgan vaqtda ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, S.Ashurov tezkor tadbirda olingan 30 mln so‘mdan 100 AQSH dollarini ulush sifatida tuman hokimi o‘rinbosariga pora sifatida taqdim etishini bildirgan.
Mirzaqul Shamsiyev 2018 yil 13 sentyabr kuni Boysun tumanidagi “Mirqorako‘z” massivi chorrahasida Z.X. nomiga 0,30 ga lalmi yer maydoni ajratib berish bo‘yicha tuman hokimi qarorini chiqartirib berganligi evaziga S.Ashurovdan kimyoviy ishlov berilgan 100 AQSH dollarini pora tariqasida olgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan ushlangan.
Sud sudlanuvchilarga nisbatan jazo tayinlashda sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini hisobga olib, S.Ashurovga 1 yil 6 oy muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 2 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish, hokim o‘rinbosari M.Shamsiyevga 1 yil 6 oy muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.
LiveBarchasi