Hokim maktab ma’muriyati bilan sudlashib, yutqazdi

Jamiyat

image

Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabi yer maydoni va qo‘shimcha bino o‘quv muassasasiga qaytarildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yilning 20 iyunida Quva tumani hokimi maktab yer maydoni va qo‘shimcha bino inshootlarini o‘quv muassasasi rahbari qarshiligiga qaramay tuman hokimligi zahirasiga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Qaror Quva tumani xalq ta’limi bo‘limi bilan kelishilmagan holda qabul qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 16 fevraldagi 122-sonli farmoyishining 1-bandida Respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan davlat ta’lim muassasalarining, xususan maktabgacha ta’lim, o‘rta-ta’lim, kasb-hunar ta’limi muassasalarining mol-mulki, bino va inshootlari hamda yer maydonlaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorisiz tashkilotlarga berish yoki ta’lim jarayoniga tegishli bo‘lmagan maqsadlarda foydalanish qat’iyan man qilingan.

Shunga qaramay, Quva tumani hokimiyati yer maydoni va qo‘shimcha bino inshootlarini mahalliy tadbirkorga foydalanishga topshirgan. 

Maktab ma’muriyati Ma’muriy sudga mazkur qarorni bekor qilish bo‘yicha murojaat qilgan. Sudning birinchi instansiyasi hokimiyat foydasiga qaror chiqargan bo‘lsa, kassatsiya instansiyasi hokimiyatning qarorini bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilgan.

Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori N.T.Mahmudov va Farg‘ona viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Turdimatovlar sud jarayonida Xalq ta’limi vazirligiga yordam so‘rab murojaat qilgan.

Xalq ta’limi vazirligi tegishli choralar ko‘rib, Farg‘ona viloyat prokuraturasiga murojaat qildi. Vazirlik va prokuratura maktabning qo‘shimcha bino inshootlari hamda yer maydonlarini muassasa ixtiyorida qoldirilishi uchun yordam bergan.


Maqola muallifi

Teglar

maktab Quva er maydoni

Baholaganlar

74

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing