Hoqon Fidan Rossiyaga boradi
Olam
−
26 may 3627 2 daqiqa
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan bugun, 26 may kuni Rossiyaga rasmiy tashrif bilan boradi. Tashrif chog‘ida Ukraina urushi va u bilan bog‘liq mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan. Bu haqda “Politico” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Hoqon Fidan bugun, 26 may va ertaga, 27 may kuni Rossiyaga safar qilib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashishi kutilmoqda. U Moskvaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida mamlakatdagi vaziyat haqida muzokaralar o‘tkazadi.
Ushbu tashrif Rossiya va Ukraina vakillari shu oy boshida Istanbulda ehtimoliy urushni to‘xtatish masalalarini muhokama qilish uchun uchrashganidan so‘ng amalga oshmoqda. Uchrashuvda urushni to‘xtatish borasida jiddiy yutuqlarga erishilmagan bo‘lsa-da, katta hajmdagi asirlar almashinuvi bo‘yicha kelishuvga erishilgandi.
Hoqon Fidan Rossiyaga tashrifi davomida ushbu mamlakat rasmiylari bilan ko‘rishar ekan Turkiyaning “Rossiya va Ukraina urushida adolatli va barqaror tinchlik o‘rnatishga bo‘lgan sodiqligini” ta’kidlashi rejalashtirilgan.
“Shuningdek, Fidan Turkiya “muzokaralarda vositachilik rolini bajarishga tayyor ekanini” yana bir bor ta’kidlaydi, ammo u boshqa mintaqaviy va xalqaro, jumladan, Suriya, G‘azo va Janubiy Kavkaz masalalarini ham muhokama qiladi”, deyiladi xabarda.
Fidan Rossiya Prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy va Mudofaa vaziri Andrey Belousov kabi boshqa yuqori martabali rasmiylar bilan ham uchrashishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya va Ukraina mamlakatlari “1000 ga 1000” formatida harbiy asirlarni almashtirishning birinchi va ikkinchi bosqichini amalga oshirgani xabar qilingandi.
Jaloliddin Rahmonov
Live
Barchasi