Hoqon Fidan Isroil Prezidentining Baku sammitidagi nutqini boykot qildi (video)
Olam
−
14:02 881 2 daqiqa
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan va 10 dan ortiq mamlakat vakillari Ozarbayjon poytaxti Bakuda o‘tkazilgan sammitda Isroil Prezidenti Isxak Gersog nutq so‘zlay boshlaganida zalni tark etdi. Bu haqda “T24” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea kecha, 15 oktyabr kuni Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (CICA)ning 7-sammitida yuz bergan. Gersog tush paytida nutqini boshlaganida, Turkiya delegatsiyasi, jumladan, Hoqon Fidan hamda 10 dan ortiq mamlakat vakillari o‘rinlaridan turib, zalni tark etgan.
Fidanning o‘zi sammitda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an nomidan ham nutq so‘zlagan. U Ozarbayjonning tashkilotga raislik muddati uzaytirilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan va Laosning CICA’ga 29-a’zo sifatida qo‘shilganini olqishlagan. Shuningdek, tashkilotning yangi bosh kotibi Sulton Hojiyevni tayinlov bilan tabriklagan.
Fidan, shuningdek, Turkiya noyabr oyida Antaliyada bo‘lib o‘tadigan COP31 iqlim sammitiga mezbonlik qilishi va unga raislik qilishini eslatgan. Uning aytishicha, ushbu tadbir iqlim adolati va barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun muhim imkoniyat bo‘ladi. Nutqi davomida vazir Isroilning Falastin xalqiga nisbatan siyosatini ham tanqid qilgan.
“CICA a’zosi bo‘lgan Isroil tizimli bosim siyosatini yuritib, Falastin xalqining asosiy huquqlarini buzayotgan bir paytda bu majburiyatga sodiq qola olmaymiz”, degan Fidan.
U tashkilot a’zolarini Falastin xalqining huquqlarini qo‘llab-quvvatlashga va davom etayotgan zulm hamda jiddiy qonunbuzarliklarga qarshi qat’iy pozitsiyada turishga chaqirgan.
Vazirning bildirishicha, muammoning doimiy yechimi 1967 yilgi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va suveren Falastin davlatini tashkil etishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 oktyabr kuni Isroil Prezidenti Isxak Gersog Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etish uchun Bakuga borgandi. Uning Ozarbayjon havo yo‘llariga (AZAL) tegishli muntazam yo‘lovchi samolyoti orqali Turkiya havo hududidan foydalanib, Ozarbayjonga yetib olgani ma’lum bo‘lgan.
Turkiya 2024 yildan beri Isroil hukumatiga tegishli samolyotlarning o‘z havo hududidan o‘tishiga ruxsat bermayotgan bo‘lsa-da, xorijiy aviakompaniyalarning fuqarolik reyslariga nisbatan bunday cheklovni qo‘llamaydi. Gersogning Bokuga safarida ham aynan ushbu farq ustunlik qilgan.
Live
BarchasiJizzaxda 10 yoshli qiz zo‘rlandi
06 Oktyabr
Sergelidagi masjidga o‘t ketdi
03 Oktyabr