“Hizbulloh” Isroilga 120 dan ortiq raketa uchirdi (video)
Olam
−
22 Sentabr
11478Livanning “Hizbulloh” guruhi Hayfadan janubi-sharqda joylashgan Ramat-Devid aviabazasiga 120 dan ortiq Fadi 1 va Fadi 2 raketalarini uchirdi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
“Hizbulloh” ushbu hujumni Isroilning havo hujumi oqibatida kamida 37 kishi, jumladan guruhning yuqori martabali rahbarlaridan biri halok bo‘lgani tufayli sodir bo‘lgani bilan izohladi. Raketalar harbiy bazaga yo‘naltirilgan. Ammo ularning birortasi nishonga tekkani haqida aniq ma’lumot keltirilmagan.
Isroil shoshilinch tibbiy yordam xizmatining xabar berishicha, Gaylning quyi qismidagi qishloqlardan birida raketa urib tushirilishi tufayli bir kishi yengil jarohatlangan.
Mahalliy OAV Livandan otilgan raketalar Hayfa va Nosirada tutib olinganini yozdi. Isroil harbiylari Livandan o‘nga yaqin raketa uchirilishini kuzatganini, ularning aksariyati tutib olinganini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, 17 sentyabr kuni Livanda “Hizbulloh”ga aloqador shaxslar foydalanayotgan peyjerlar ommaviy ravishda portlab ketdi. Voqea oqibatida o‘sha kuni butun mamlakat bo‘ylab 2800 kishi jarohatlangan, kamida 8 kishi halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida ikki jangchi, jumladan, guruh yetakchilaridan birining o‘g‘li, shuningdek, 10 yoshli qiz ham bor edi. Isroilning “Mossad” razvedka xizmati peyjer portlashlaridan bir necha oy oldin Livandagi “Hizbulloh” harakati tomonidan buyurtma qilingan Tayvanda ishlab chiqarilgan 5000 peyjerga oz miqdorda portlovchi moddalar o‘rnatgani ma’lum bo‘ldi.
Biroq Gold Apollo kompaniyasi “Hizbulloh” tomonidan buyurtma qilingan peyjerlarni ishlab chiqarishga aloqasi yo‘qligini aytdi. 19 sentyabr kuni Livan bo‘ylab simsiz aloqa qurilmalari portlashi oqibatida halok bo‘lganlar soni 32 kishiga yetdi, 3500 dan ortiq kishi jarohatlandi. Livanda amalga oshirilgan keng ko‘lamli radio portlashlaridan so‘ng harakat o‘zining 20 nafar a’zosi halok bo‘lganini e’lon qildi.
Eslatib ўтамиз, avvalroq Isroil mudofaa kuchlari “Hizbulloh” harakatining tayanchi hisoblangan Bayrutning Dahiya mahallasiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida guruhning asosiy yetakchilaridan biri Ibrohim Oqil va yana 10 ga yaqin yuqori martabali qo‘mondon halok bo‘ldi.