“Hizbulloh” Isroil shimoliga 100 dan ortiq raketa uchirdi
Olam
−
12 iyun
5755Livanning “Hizbulloh” harakati Isroilning shimoliy qismiga 100 dan ortiq raketa bilan keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Bu haqda “The Jerusalem Post” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu hujum Isroil harbiylari Livan janubi-sharqida harakatning yuqori martabali qo‘mondonini o‘ldirgani haqidagi xabarlardan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi va bu aynan o‘sha hodisaga javoban amalga oshirildi. Nashr ushbu hujumlar Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshilik kuchayib borayotganidan hamda ularning ikkalasi ham urushga tayyor ekanini ham qo‘shimcha qilgan. Havo hujumi haqida ogohlantirish Jalilaning ko‘plab aholi punktlarida, jumladan Safed va Tiberiya shaharlarida yangradi.
“Times of Israel” gazetasi Isroil mudofaa vazirligiga tayanib, Livan hududidan Isroilning shimoliga kamida yuzta raketa uchirilgani haqida yozar ekan, bu 2023 yilning oktyabr oyida Isroilning HAMASga qarshi urushi boshlanganidan beri “Hizbulloh” tomonidan amalga oshirilgan eng yirik hujumlardan biri ekanligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Livandan otilgan 90 ga yaqin raketa mamlakatning havo hududini kesib o‘tgan. Ularning bir qismi tutib olingan, qolganlari bir necha joyga tushib, yong‘in chiqishiga sabab bo‘lgan. Hujum oqibatida jabrlanganlar va halok bo‘lganlar haqida ma’lumotlar yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilning Livan janubidagi Jouya qishlog‘iga uyushtirgan hujumi oqibatida kamida to‘rt kishi, jumladan "Hizbulloh"ning yuqori darajali qo‘mondoni Tolib Abdulloh o‘ldirilgan edi.