“Hizbulloh” Isroil pozitsiyalariga hujum qildi
Olam
−
14 dekabr 2023
8590Livandagi “Hizbulloh” harakati Isroil armiyasi pozitsiyalariga hujum qildi. Bu haqda Livanning NNA axborot agentligi xabar berdi.
Aytilishicha, hujum Livan janubidan Shumira posyolkasidagi harbiy ob’ektga uyushtirilgan.
“Shumira aholi punktida Isroil askarlari to‘plangan nuqtaga tegishli qurollardan foydalangan holda hujum uyushtirildi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, Isroil artilleriya bo‘linmalari javob tariqasida Livan janubidagi Olma ash-Shab va Naqura shaharlari orasidagi hududlarni hamda Xiyom shahri chekkalarini o‘qqa tutgan.
O‘z navbatida, Isroil mudofaa kuchlari mamlakat samolyotlari Livandagi “Hizbulloh” nishonlariga zarbalar berganini ma’lum qilgan.
“Yaqinda SAXAL qiruvchi samolyotlari Livandagi “Hizbulloh” tashkilotiga tegishli terrorchilik infratuzilmasi va harbiy majmualariga hujum qildi”, deyiladi Isroil armiyasi xabarida.
Ma’umot uchun, Isroil harbiylari bilan “Hizbulloh” o‘rtasida 8 oktyabr kuni boshlangan to‘qnashuvda Livandagi harakatning 103 nafar a’zosi va 6 nafar Isroil askari halok bo‘lgan. Bundan tashqari, to‘qnashuvlarda Livanda 24, Isroilda esa 5 nafar tinch fuqaro qurbon bo‘lgan.