“Hizbulloh” Isroil armiyasining oltita pozitsiyasiga zarba berdi
Olam
−
16 noyabr 2023
13250Livandagi “Hizbulloh” tashkilotining qurolli qanoti mamlakat janubidan Isroil armiyasining oltita postiga zarba berdi. Bu haqda tashkilot o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “Hizbulloh” bu operatsiyani Isroil armiyasining G‘azo sektoridagi ishg‘olchi kuchlari tomonidan tinch aholining qirg‘in qilinishiga javoban amalga oshirgan. Tashkilot bayonotida aytilishicha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbalar oqibatida qarshi tomonda halok bo‘lganlar va yaralanganlar bor.
Unga ko‘ra, Isroilning Al-Bayad, El-Merj va El-Assi hududlaridagi pozitsiyalari, shuningdek, Metula, Misgav-Am va Yiftah yahudiy aholi punktlari yaqinidagi pozitsiyalariga hujum qilingan.
“Al Manar” telekanali xabariga ko‘ra, “Hizbulloh” fosforli o‘q-dorilardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Isroil qo‘shinlari bunga javoban Livan janubidagi 12 ta aholi punkti yaqiniga artilleriya va tanklardan o‘t ochgan.
Livan hukumati hozirda yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlamoqda, qurbonlar haqida esa hech qanday ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq "Hizbulloh"ning qurolli qanoti Livan bilan chegaradagi Isroil mudofaa kuchlarining pozitsiyalariga kamikadze dronlari va boshqariladigan raketalari bilan hujum qilgani haqida xabar berilgan edi.
LiveBarchasi