“Hizbulloh” Hasan Nasrullohning jasadini topdi – OAV

Olam

image

Livanning “Hizbulloh” harakati vakillari Isroilning Bayrutning janubiy chekkasida uyushtirgan havo hujumida halok bo‘lgan yetakchisi Hasan Nasrullohning jasadini topdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Agentlik suhbatdoshlaridan ikki nafari Nasrullohning tanasida ochiq jarohatlar yo‘qligini ma’lum qildi.

“Aftidan, “Hizbulloh” rahbarining o‘limiga portlash to‘lqini oqibatida yuzaga kelgan to‘mtoq jarohatlar sabab bo‘lgan”, deya yozgan nashr.

Nasrulloh o‘lishi ortidan Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy xavfsizlik choralari kuchaytirilgan mamlakat ichidagi xavfsiz joyga ko‘chirildi. Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon esa “Hizbulloh” yetakchisini o‘ldirishda AQSHni aybladi. Davlat rahbari o‘z bayonotida Nasrullohni Isroilga qarshi kurashi uchun olqishladi va “sionistlarning terror hujumi qarshilik oilasini har qachongidan ham kuchliroq qilishini” ta’kidladi.

Nasrullohning o‘limi tasdiqlangach, Isroil Bayrutga havo hujumlarini davom ettirdi. “Hizbulloh” ham Isroil hududini o‘qqa tutishda davom etdi.

Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibaf “qarshilik guruhlari” yordamida Eron Isroilga qarshilik ko‘rsatishda davom etishini aytdi. Shu bilan birga, Eron Isroilning Livandagi harbiy amaliyotlari fonida BMT Xavfsizlik kengashini chaqirishni talab qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Livanning “Hizbulloh” harakatining yuqori martabali vakili Nabil Kauk Isroil havo kuchlarining Bayrutdagi guruh nishonlariga joriy yilning 28 sentyabr kuni bergan zarbasi oqibatida halok bo‘lgani xabar qilingandi. Isroil Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Kauk “Hizbulloh”ning profilaktik xavfsizlik bo‘limi qo‘mondoni va markaziy kengashning yuqori martabali a’zosi bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Livan Hizbulloh ” Hasan Nasrulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made